Patriot uchun litsenziya: AQSh mudofaa gigantlari nimadan xavotirda?
Amerikaning Patriot zenit-raketa majmualari ishlab chiqaruvchilari - Raytheon va Lockheed Martin kompaniyalari Ukrainaga ushbu tizimlar uchun raketalar ishlab chiqarish litsenziyasi berilishi ehtimolidan xavotirda. The Atlantic nashrining yozishicha, kompaniyalar Kiyev raketalarni takomillashtirib, keyinchalik ularni AQShdagi ishlab chiqarish liniyalariga qaraganda tezroq, ko‘proq va arzonroq ishlab chiqarish imkoniyatiga ega

Patriot litsenziyasi: AQSh mudofaa gigantlari nimalardan xavotirda?
Ukrainaga Patriot tizimlarini ishlab chiqarish litsenziyasini berish masalasi AQSh mudofaa kompaniyalari orasida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Ukrainaga litsenziya berishni qo‘llab-quvvatlovchi AQSh Kongressidagi respublikachi siyosatchilardan biriga tayanib xabar berilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika mudofaa kompaniyalari o‘z e’tirozlarini rasman intellektual mulk o‘g‘irlanishi va texnologiyalarning uchinchi tomonlarga berilishi xavfi bilan izohlashi mumkin. Biroq, masalaning yana bir muhim jihati Ukrainaning Patriot raketalarini ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirib, ularni katta hajmda va nisbatan arzon narxda ishlab chiqarish imkoniyati bilan bog‘liq.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8-avgust kuni ma’lum qilishicha, u urushning birinchi yilidayoq, o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Jo Baydendan Patriot tizimlarini ishlab chiqarishga doir litsenziyalarni berishni so‘ragan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, hozirda Donald Tramp bilan tegishli litsenziyalarni berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Shu bilan birga, u bunday imkoniyat Ukrainaga to‘rt yil avval berilganida vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Ukraina rahbari hozirda bu masalada davom etayotgan byurokratik jarayonlarni tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga haqiqiy raketalar uchib kelayotgan bir paytda litsenziyalar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni vaqt talab qilmoqda. Zelenskiy Yevropa davlatlari bilan ham ayrim harbiy texnologiyalar va qurol-yarog‘larga litsenziya olish masalasi anchadan beri muhokama qilinayotganini bildirdi.
The Kyiv Independent jurnalisti Tim Zadorojniyning ma’lum qilishicha, Zelenskiy Patriot litsenziyalari masalasini Bayden ma’muriyatining hokimiyatdagi so‘nggi oylarida ilgari surgan. The Atlantic ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaning yuqori lavozimli amaldorlari bu taklifni o‘sha paytdagi AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin va prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanga taqdim etgan bo‘lishi mumkin. Biroq Kiyevning taklifi sabablari tushuntirilmagan holda rad etilgan.
Nashrning yozishicha, Ukraina Patriot uchun raketalarni o‘z ehtiyojidan ortiq miqdorda ishlab chiqarish imkoniyatiga ham ega bo‘lishi mumkin. Bunday raketalar keyinchalik AQSh ehtiyojlari uchun ishlatilishi yoki Vashingtonning ittifoqchilari va hamkorlariga sotilishi mumkin. The Atlantic aynan shu imkoniyat Amerika tomonidagi xavotirlarning sabablaridan biri bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp 6-avgust kuni jurnalistlarning Vashington Ukrainaga Patriot majmualari uchun qo‘shimcha tutib qoluvchi raketalar va Kiyev talab qilayotgan uzoq masofali raketalarni taqdim etadimi, degan savoliga javob berdi. Tramp AQShning o‘ziga ham raketalar kerakligini aytgan. Shuningdek, u sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyatini Ukrainaga katta hajmda harbiy yordam berib, AQShning o‘q-dori zaxiralarini kamaytirib yuborganlikda aybladi.
Trampning ta’kidlashicha, u birinchi prezidentlik muddatini yakunlagan vaqtda AQShning o‘q-dori zaxiralari to‘la bo‘lgan, keyinchalik esa ularning katta qismi Ukrainaga berilgan. Hozir Vashington ushbu zaxiralarni qayta tiklashga harakat qilmoqda.
Shu tariqa, Patriot raketalarini Ukrainada ishlab chiqarish uchun litsenziya berish masalasi nafaqat Kiyevning havo hujumidan mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirish, balki Amerika mudofaa sanoati manfaatlari, texnologiyalarni himoya qilish va AQShning o‘z harbiy zaxiralarini to‘ldirish masalalari bilan ham bog‘lanmoqda.

