O‘zmilliybank bayrog‘i Kazbekni zabt etdi
Insonning irodasi, jasorati va chidamliligini sinovdan o‘tkazadigan sport turlari orasida alpinizm alohida o‘rin tutadi. Yuksak

O‘zmilliybank bayrog‘i Kazbek cho‘qqisida hilpiradi
Alpinizm inson irodasi, jasorati va chidamliligini sinovdan o‘tkazuvchi sport turlari orasida alohida o‘rin tutadi. Baland cho‘qqilarni zabt etish nafaqat jismoniy tayyorgarlikni, balki katta tajriba, matonat va qat’iyatni ham talab qiladi. Bu fazilatlarga ega bo‘lganlar har bir ko‘tarilishni yangi marra va navbatdagi yutuq sifatida qabul qiladilar.
Quvonarlisi, “O‘zmilliybank” AJ jamoasida ham alpinizmga qiziqishi orqali yuksak cho‘qqilarni zabt etib kelayotgan xodimlar bor.
2026-yil 6-avgust kuni Bankning G‘aznachilik departamenti xodimi Andrey Tarantin “Mysterious Uzbekistan” guruhi tarkibida Gruziyaning eng mashhur cho‘qqilaridan biri – dengiz sathidan 5054 metr balandlikda joylashgan Kazbek tog‘i cho‘qqisiga muvaffaqiyatli ko‘tarildi. U safar davomida “O‘zmilliybank” bayrog‘ini cho‘qqiga olib chiqib, uni o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
Andrey Tarantin 2021-yildan buyon tog‘ trekkingi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Shu vaqt mobaynida u Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi 3000 metrdan ortiq balandlikdagi tog‘ cho‘qqilariga ko‘tarilish tajribasini orttirgan.
Shuningdek, 2023-yil may oyida mazkur guruh bilan Yevropaning eng baland nuqtasi hisoblangan Rossiyadagi Elbrus tog‘ining 5642 metrlik cho‘qqisini, 2024-yil may oyida Avstraliya va Okeaniyaning eng baland vulqoni – Papua–Yangi Gvineyada joylashgan Giluve cho‘qqisini (4368 metr), 2025-yil iyun oyida esa Ararat tog‘ining 5137 metrlik cho‘qqisini ham muvaffaqiyatli zabt etgan.
Gruziyaning milliy ramzlaridan biri hisoblangan Kazbek tog‘i dunyodagi mashhur alpinistik yo‘nalishlardan biri sanaladi. Balandligi 5054 metr bo‘lgan ushbu tog‘ning 3800 metrdan yuqori qismi doimiy muzliklar bilan qoplangan. Kazbek cho‘qqisiga birinchi marta 1868-yilda ingliz sayyohi Duglas Freshfild rahbarligidagi ekspeditsiya muvaffaqiyatli ko‘tarilgan. Bugungi kunda esa ushbu cho‘qqi dunyoning turli mamlakatlaridan keladigan alpinistlar uchun eng nufuzli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, “O‘zmilliybank” AJ mamlakatimizda sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslarni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bank jamoasi vakillari turli sport musobaqalari va ommaviy tadbirlarda faol ishtirok etib, munosib natijalarga erishmoqda.
Andrey Tarantinning Kazbek cho‘qqisini zabt etgani nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki bank jamoasining ham navbatdagi faxrli natijalaridan biri bo‘ldi. Bunday muvaffaqiyatlar xodimlarimizning o‘z ustida ishlash, yuksak maqsadlar sari intilish va har qanday sinovlarni matonat bilan yengib o‘tishga bo‘lgan intilishini yana bir bor namoyon etadi.
Bank Matbuot xizmati

