O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 1 kvadrillion so‘mdan oshdi
Ushbu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 8,5 foiz o‘sgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2026-yilning yanvar–iyun oylarida 1 kvadrillion so‘mlik chegaradan oshib, joriy narxlarda 1 kvadrillion 72,7 trillion so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,5 foizga o‘sganini anglatadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishga turli tarmoqlarning yalpi qo‘shilgan qiymati muhim hissa qo‘shgan. Hisobot davrida sanoat hajmi 272,6 trillion so‘mga yetib, 8 foiz o‘sishni ko‘rsatdi. Qurilish sohasi 79,2 trillion so‘m bilan 13,7 foizga, savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlari 151,2 trillion so‘m bilan 13,5 foizga, tashish va saqlash, axborot hamda aloqa sohasi esa 88 trillion so‘m bilan 18,6 foizga o‘sdi.
Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida ishlab chiqarilgan qo‘shilgan qiymat 154,3 trillion so‘mni tashkil etib, 4,7 foiz o‘sish sur’atini qayd etdi. Boshqa xizmat tarmoqlari hajmi 282,4 trillion so‘mga yetib, 4,1 foizga oshdi.
Hisobot davrida YaIM deflyator indeksi 2025-yilning yanvar–iyun oylaridagi narxlarga nisbatan 109,8 foizni tashkil etdi. Eng yuqori deflyator ko‘rsatkichlari sanoatda (113,1 foiz), qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida (111,6 foiz) hamda boshqa xizmat tarmoqlarida (111,5 foiz) kuzatildi.
Respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan past deflyator indekslari tashish va saqlash, axborot hamda aloqa sohasida (103,2 foiz), qurilishda (105,6 foiz) va savdo, yashash va ovqatlanish xizmatlarida (106,2 foiz) qayd etildi.

