Mahalliy

O‘zbekistonliklar Fransiyaga ishga yuboriladi

O‘zbekiston fuqarolarini Fransiyaga tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish bo‘yicha ilk pilot loyiha amaliy bosqichga o‘tdi. Dastlabki 6 nafar nomzod mehnat vizalarini olgan bo‘lib, ular shu oy Fransiyaga borib, meva yig‘ish va saralash ishlarida mehnat faoliyatini boshlaydi.

O‘zbekiston fuqarolari uchun Fransiyada ishlash imkoniyati yaratilmoqda. Migratsiya agentligining xabar berishicha, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi geografiyasi Fransiya hisobiga kengaymoqda.

Joriy yilning 12-iyun kuni Fransiyadagi mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga nomzodlarni jalb qilish bo‘yicha e’lon berilgan. 1-iyul kuni esa talabgorlar fransuz ish beruvchilari bilan onlayn suhbatdan o‘tgan.

Ushbu pilot loyiha doirasida jami 10 nafar nomzod fransuz ish beruvchisi tomonidan tanlab olingan. Ulardan dastlabki 6 nafari allaqachon mehnat vizalarini qo‘lga kiritgan. Ular avgust oyida Fransiyaga jo‘nab ketib, meva yig‘ish va saralash ishlarida faoliyat boshlashi kutilmoqda.

Loyiha doirasidagi qolgan 4 nafar nomzod esa kuz oylarida Fransiyaga yuboriladi. Ular sabzavot yetishtirish va hosilni yig‘ish bilan bog‘liq mavsumiy ishlarda mehnat qilishi rejalashtirilgan.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bu O‘zbekiston fuqarolarini Fransiyaga tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish bo‘yicha birinchi yo‘nalish va dastlabki pilot loyihadir.

Loyiha natijalariga ko‘ra, kelgusida Fransiyadagi ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish va o‘zbekistonliklar uchun ushbu mamlakat mehnat bozorida yangi ish imkoniyatlarini yaratish ko‘zda tutilgan.

uzbekistanfrancevisapilot projectseasonal workagricultureemploymentlabor migration