O‘zbekistondagi ayrim tashkilotlarning axborot tizimlari ommaviy kiberhujumlar oqibatida zararlanganligi aniqlandi
UZCERT xizmati barcha davlat tashkilotlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kiberxavfsizlik uchun mas’ul xodimlaridan zudlik bilan xavfsizlik choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.

O‘zbekistondagi ayrim tashkilotlarning axborot tizimlari keng ko‘lamli kiberhujumlar natijasida shikastlangani ma’lum bo‘ldi.
Kiberxavfsizlik markazining UZCERT xizmati tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, kiberjinoyatchilar O‘zbekistondagi tashkilotlar va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kompyuterlari va serverlariga ruxsatsiz kirishga qaratilgan ommaviy kiberhujumlarni amalga oshirmoqda.
Tekshiruvlar davomida ushbu kiberhujumlarni boshqarishda foydalanilgan bir qancha xorijiy IP-manzillar aniqlandi.
Dastlabki tahlillar natijasida ushbu keng ko‘lamli kiberhujumlar oqibatida ayrim tashkilotlarning axborot tizimlari zarar ko‘rgani, jumladan, ba’zi server va kompyuterlardagi ma’lumotlar shifrlangani aniqlandi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari davom etmoqda.
UZCERT xizmati barcha davlat tashkilotlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kiberxavfsizlik uchun mas’ul xodimlaridan zudlik bilan xavfsizlik choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.

