Texnologiya

Lixtenshteynda yirik kiberhujum: 31 ming kishining ma’lumoti o‘g‘irlandi

Lixtenshteynda sodir bo‘lgan yirik kiberhujum natijasida 31 ming kishining shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlandi, deb xabar berdi Deutsche Welle.

Noma’lum shaxslar kompaniyalar, jamg‘armalar va trastlar vakillariga oid ma’lumotlarni saqlovchi “Iqtisodiy vakolatli shaxslar reyestri” (VwbP) tizimiga buzib kirishgan. Hozirda LLV.li saytida joylashgan ushbu reyestr foydalanuvchilar uchun yopiq bo‘lib, saytda “texnik xizmat ko‘rsatish ishlari” olib borilayotgani ko‘rsatilgan.

Hukumat bayonotida aytilishicha, “hozircha mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tizimdagi ma’lumotlar o‘zgartirilgani yoki o‘chirib yuborilganini ko‘rsatuvchi hech qanday alomat yo‘q”.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kiberjinoyatchilar 30-iyul kuni VwbP tizimiga noqonuniy kirish huquqini qo‘lga kiritgan. 31-iyul kuni hukumatga kiberhujum haqida xabar berilgan. 1-avgust kuni esa dastlabki tergov natijalari taqdim etilgan va hukumat inqirozga qarshi shtab tuzilganini rasman e’lon qilgan. DPA agentligining ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shtabga bosh vazir Brigitte Haas hamda adliya vaziri Emanuel Shedler boshchilik qilmoqda.

Hukumatning ta’kidlashicha, VwbP reyestri jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish maqsadida yuritiladi. Hozirda kiberjinoyatchilarning maqsadi va hujum sabablari noma’lum.

Taxminan 41 ming aholi yashaydigan Lixtenshteyn aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoning eng boy davlatlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat iqtisodiyotida moliyaviy va bank xizmatlari eng daromadli sohalardan sanaladi.

Ma’lumot uchun, aprel oyida hakerlar Shri Lankaning Avstraliyaga qaytarayotgan 2,5 million dollar qarzini o‘g‘irlagani ma’lum bo‘lgandi. Bu mablag‘ Avstraliyaga to‘lanishi kerak bo‘lgan ikki tomonlama qarzning bir qismi bo‘lib, 2025-yil sentyabr oyida berilishi kerak edi. Shri Lanka Moliya vazirligi kotibi Harshana Suriyapperumaning so‘zlariga ko‘ra, “Shri Lanka tegishli to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, kiberjinoyatchilar aralashib, mablag‘larni maqsadli qabul qiluvchi o‘rniga boshqa bank hisob raqamlariga yo‘naltirib yuborgan”.

cyberattackgovernment responsecybercrimefinancial servicespersonal dataliechtensteindata theft"economic authorized persons register"