Mahalliy

O‘zbekistonda yoshlar jinoyatlari keskin kamayib, o‘smirlarniki ortdi

O‘zbekistonda yoshlar jinoyatlari keskin kamaydi, o‘smirlarniki esa oshdi

O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi yarmida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bir yil avvalgi davrga nisbatan 25 foizga kamaygan, voyaga yetmaganlar esa 4,5 foizga ko‘paygan. Bu haqda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov 14-iyul kuni Toshkent shahrida o‘tgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Vazirlik vakili yarim yil davomida respublikada sodir etilgan jinoyatlar soni 2025-yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada kamayganini ta'kidladi.

“2026-yilning dastlabki olti oyida mamlakatda jami 14 ming 342 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 ming 309 taga kamaygan”, dedi rasmiy.

Ramazon Ashropov

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Ramazon Ashropovning so‘zlariga ko‘ra, ayrim jinoyatlar soni kamaygan bo‘lsa-da, ba'zilarida o‘sish kuzatilgan. Xususan, olti oy ichida ayollar 663 ta jinoyat sodir etgan, bu raqam bir yil avvalgi davrga nisbatan 251 taga kamaygan. Hisobot davrida yoshlar 2 ming 872 ta (2025-yilning birinchi yarmiga nisbatan 996 taga kam), muqaddam sudlanganlar esa 979 ta (72 taga kam) jinoyatga qo‘l urgan.

Biroq, yarim yil ichida voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,5 foizga oshgan. Ya'ni, mazkur toifadagi bolalar joriy yilning dastlabki ikkita choragida 907 ta jinoyat sodir etgan (2025-yilning mos davrida 868 ta edi).

“2026-yilning birinchi yarmida mamlakat hududida xodimlarning tashabbusi bilan 19 ming 755 ta jinoyat aniqlanib, bu amaliyot 31 foizga yaxshilangan. Ayniqsa, aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, narko jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida keng ko‘lamli hamkorlikdagi tezkor tadbirlar amalga oshirildi”, dedi Ramazon Ashropov.

Qayd etilishicha, olti oy ichida narkotiklar noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 8 ming 653 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoiy guruh va shaxslardan 2,73 tonna miqdoridagi giyohvandlik vositalari olib qo‘yilgan.

Avvalroq mazkur matbuot anjumanida 2026-yilning birinchi yarmida 18 nafar ichki ishlar xodimi xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgani aytilgandi. Shuningdek, avtomobillar old oynalari tonirovkasini arzonlashtirish masalasi ko‘rib chiqilmayotgani ham bildirildi.

giyohvandlikvoyaga yetmaganlaro‘zbekistonyoshlar jinoyatlarijinoyat statistikasinarko jinoyatlarmatbuot anjumaniichki ishlar