O'zbekistonda "Umra Plus" loyihasini rivojlantirish muhokama qilindi
2026-yil 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Tadjiev hamda “Umra Ziyoratlari” turistik agentliklar assotsiatsiyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda "Umra Plus" loyihasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Tadjiev va “Umra Ziyoratlari” turistik agentliklar assotsiatsiyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda "Umra Plus" yo‘nalishi bo‘yicha ziyorat va diniy turizmni rivojlantirish, O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini oshirish, yangi xorijiy bozorlarni birgalikda o‘zlashtirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Assotsiatsiya 2026-yilda amalga oshirgan faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Taqdimotda bajarilgan ishlar, tashkil etilgan yirik tadbirlar, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, Assotsiatsiya Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Marokash va O‘zbekistonda "Umra Plus" formatidagi xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etgani qayd etildi. Ushbu tadbirlarda 2 mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, turizm sohasidagi vakolatli davlat organlari, turizm biznesi, xalqaro kompaniyalar va mahalliy aholi vakillari qatnashib, O‘zbekistonning turistik salohiyati bilan tanishdilar.
Bundan tashqari, ko‘rgazmalarda O‘zbekistonning turistik kompaniyalari ham faol ishtirok etib, xorijiy hamkorlar bilan 10 ga yaqin sheriklik aloqalarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgani ta’kidlandi.
Joriy yilning 27–28-iyun kunlari Toshkentdagi “Humo Arena” majmuasida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmaga alohida e’tibor qaratildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Malayziya va Saudiya Arabistonidan 200 dan ortiq yetakchi turoperatorlar, mehmonxona biznesi va yirik transport-logistika kompaniyalari vakillari faol ishtirok etdilar.
Uchrashuv yakunida Assotsiatsiya vakillari 2027-yilda O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib etishga qaratilgan o‘nta xorijiy mamlakatda yangi xalqaro ko‘rgazmalar turkumini tashkil etish bo‘yicha Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikni davom ettirish taklifini ilgari surdilar. Shu munosabat bilan qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash taklif etildi.

