O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 11,3 trln so‘mga yetdi
O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi yarmida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 11,3 trln so‘mga yetdi. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etildi.

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar hajmi 11,3 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
2026-yilning yanvar-iyun oylari davomida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,8 foizga o‘sgan.
Xizmatlar tarkibida eng katta ulushni sog‘liqni saqlashning boshqa xizmatlari egallagan bo‘lib, bu 53,7 foizni tashkil etadi. Shifoxona muassasalari xizmatlari umumiy hajmining 31,8 foizini, tibbiy amaliyot va stomatologiya xizmatlari esa 14,5 foizini tashkil etdi.
Sog‘liqni saqlash xizmatlarining eng yuqori hajmi Toshkent shahrida qayd etildi, bu olti oyda 5,2 trillion so‘mga yetdi.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 1,1 trillion so‘m va Samarqand viloyati 830,2 milliard so‘m bilan joylashdi.
Farg‘ona viloyatida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 675,4 milliard so‘mni, Namangan viloyatida 550,4 milliard so‘mni, Andijon viloyatida esa 507,2 milliard so‘mni tashkil qildi.
Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 392,3 milliard so‘mga, Xorazm viloyatida 390,9 milliard so‘mga, Qashqadaryo viloyatida 360,4 milliard so‘mga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 335,5 milliard so‘mga yetdi.
Surxondaryo viloyatida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 262 milliard so‘mni, Jizzax viloyatida 251,5 milliard so‘mni, Sirdaryo viloyatida 203,2 milliard so‘mni, Navoiy viloyatida esa 193,1 milliard so‘mni tashkil qildi.

