O‘zbekistonda 6 oyda ko‘chmas mulk bitimlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga oshdi
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 171 mingdan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,3 foizga ko‘paydi. Iyun oyida esa 25 mingdan ortiq bitim qayd etilib, may oyiga nisbatan 23 foiz, 2025-yil iyuniga nisbatan esa 20,4 foiz o‘sish kuzatildi.

O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki olti oyida ko‘chmas mulk savdo bitimlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga oshdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda ko‘chmas mulk bozorida sezilarli faollik kuzatilgan.
Mart oyidagi yuqori ko‘rsatkichdan so‘ng aprel-may oylarida biroz pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, iyun oyida bitimlar soni yana o‘sishni boshladi. Xususan, 2025-yil iyun oyiga nisbatan 20,4 foizga, 2024-yil iyun oyiga nisbatan esa 24,9 foizga ko‘proq bitimlar qayd etildi.
Iyun oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 25 mingtadan oshib, o‘tgan oyga nisbatan 23 foizga ko‘paydi. Markazning ta’kidlashicha, bu o‘sish respublikaning barcha hududlarida bitimlar sonining ortishi bilan bog‘liq.
May oyiga nisbatan eng yuqori o‘sish sur’atlari Buxoro (50,1%), Navoiy (41,5%) va Samarqand (31,8%) viloyatlarida kuzatildi. Andijon (17,9%), Toshkent (12,2%) va Xorazm (0,9%) viloyatlarida esa nisbatan mo‘’tadil o‘sish qayd etildi.
Yillik hisobda eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida (35,7%), Sirdaryo (26,9%) va Navoiy (26,3%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (23,3%) kuzatildi. Jizzax (5,7%), Farg‘ona (3,6%) va Toshkent (3,3%) viloyatlarida esa o‘sish sur’atlari nisbatan mo‘’tadil bo‘ldi.
2026-yilning birinchi yarmida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlarining umumiy soni 171 mingtadan oshib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,3 foizga ko‘paydi. Bu mutlaq hisobda 34,5 mingta bitimga teng. Tahlil qilingan davrda respublikaning barcha hududlarida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni oshgan.
Eng yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo viloyatida (36,4%), Toshkent shahrida (34,9%) va Navoiy viloyatida (30%) qayd etildi. Xorazm (16,7%), Buxoro (15,4%) va Farg‘ona (12,1%) viloyatlari esa nisbatan mo‘’tadil o‘sishga ega hududlar qatoriga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston banklari tomonidan 13,1 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 39% ga ko‘pdir. Qarz oluvchilar soni 34,8% ga oshib, 42,6 ming kishiga yetdi. Budjet hisobidan ipoteka bo‘yicha o‘rtacha stavkalar 17,5% dan 16,8% gacha pasaygan.

