O‘zbekistonda olimlar soni keskin ko‘paydi
O‘sish yil davomida 1,8 ming nafar yoki 60 foizni tashkil etgan

O‘zbekistonda ilmiy darajaga ega mutaxassis-tadqiqotchilar soni sezilarli darajada oshdi. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga, shuningdek, xorijiy davlatda olingan fan nomzodi ilmiy darajasi yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassislar soni 15,5 ming nafarni tashkil etmoqda.
Bu ko‘rsatkich 2025-yil 1-yanvar holatiga nisbatan 1,4 ming nafarga yoki 9,9 foizga ko‘paygan. Fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega mutaxassis-tadqiqotchilar soni esa 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 4,8 ming nafarga yetgan. Bu boradagi o‘sish yil davomida 1,8 ming nafar yoki 60 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, joriy yil aprel oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov "Jadid" nashriga bergan intervyusida ilmiy ishlardagi yuzakilik va ko‘chirmakashlik holatlarini, shuningdek, mansabdor shaxslar orasida fan doktorlari sonining ko‘payishini tanqid qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, bunday holatlar mamlakat fanining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ushbu tanqidlardan so‘ng, joriy yil may oyida Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov lavozimidan ozod etildi. Komissiyaning o‘zi esa Oliy ta’lim vazirligi tizimidan Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkazildi.
Ilmiy daraja berish tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar ko‘p yillardan buyon ilgari surilmoqda. O‘zbekiston prezidentining "Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoniga asosan, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy darajalar berishda bir qator talablar bekor qilinishi rejalashtirilgan.

