Mahalliy

O‘zbekistonda mahallalarning energetik pasportlari yaratiladi

O‘zbekistonda har bir mahalla uchun elektr va gaz taʼminoti maʼlumotlarini birlashtiruvchi energetik pasportlar shakllantiriladi.

O‘zbekistonda har bir mahalla uchun elektr va tabiiy gaz ta’minotiga oid muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi energetik pasportlar joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Ushbu pasportlar energetika infratuzilmasining holatini baholash, resurslar iste’molini tahlil qilish va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Energetik pasportda iste’molchilar soni va tarkibi, iste’mol hajmi, mavjud quvvatlar, elektr va gaz infratuzilmasining tarkibi hamda texnik holati, yangi iste’molchilarni tarmoqqa ulash imkoniyatlari va modernizatsiyaga bo‘lgan ehtiyoj kabi ma’lumotlar aks etadi.

To‘plangan ma’lumotlar har bir mahallada energiya resurslarining taqsimlanishi va iste’molini tahlil qilish imkonini beradi. Xususan, ular yordamida texnik va tijoriy yo‘qotishlar yuqori bo‘lgan hududlar, iste’mol hajmining keskin yoki noodatiy o‘zgarishlari, hisobga olinmagan iste’mol, shuningdek, noqonuniy yoki texnik talablarga mos kelmaydigan ulanishlarni aniqlash rejalashtirilmoqda.

Pasport, shuningdek, tarmoqlarga tushayotgan yuklama, quvvat zaxirasi va ularning texnik holatini bir joyda baholash imkonini beradi. Bu avariyaviy holatlar yuzaga kelish xavfini oldindan baholash, ularning oldini olish choralarini ko‘rish va zarurat tug‘ilganda energiya ta’minotini tezroq tiklashga yordam berishi kutilmoqda.

Energetika vazirligi misol tariqasida tarmoqning zaxira imkoniyatlaridan foydalanish orqali quvvatni tezkor qayta taqsimlash imkoniyatini keltirmoqda. Bu yuklamani boshqa yo‘nalishga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilish va iste’molchilarni uzoq vaqt davomida energiya ta’minotisiz qoldirmaslik imkonini beradi.

Energetik pasportlarni shakllantirishda yangi ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy obyektlar, korxonalar va ishlab chiqarish maydonlarining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq kelgusidagi qo‘shimcha yuklama ham hisobga olinadi. Agar mavjud quvvatlar yetarli bo‘lmasa, qaysi tarmoq yoki transformatorni kuchaytirish zarurligi, qayerda qo‘shimcha infratuzilma talab qilinishi va buning uchun qancha resurs kerak bo‘lishini aniqlash mumkin bo‘ladi.

Shu tariqa, energetik pasport nafaqat ma’lumotlarni yig‘ish tizimi, balki boshqaruv vositasi sifatida ham ko‘rib chiqilmoqda.

U energiyaning harakati va iste’moli, yo‘qotishlar, tarmoqlarning holati hamda ular bilan bog‘liq xavflarni kompleks baholash, muammolar sabablarini aniqlash, tezkor qarorlar qabul qilish va infratuzilmani kelgusida rivojlantirishni rejalashtirish imkonini berishi kerak.

Vazirlik bunday yondashuvning asosiy vazifasi sifatida allaqachon yuzaga kelgan muammolarga javob qaytarishdan ularning sabablari va xavflarini oldindan baholash, quvvatni tezkor qayta taqsimlash, ta’minotni tiklash hamda infratuzilmani o‘z vaqtida kuchaytirishga o‘tishni belgilamoqda.

energy supplyenergy passportsuzbekistanmodernizationmahallaresource managementdata analysisenergy infrastructure