Mahalliy

O‘zbekistonda iyulda eskrou tizimi orqali 34,3 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi

O‘zbekistonda 2026-yil iyul oyida eskrou tizimi orqali 34,3 mingdan ziyod bitim amalga oshirildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.

Xabarga ko‘ra, o‘tgan oyda jami 34 ming 341 ta bitim rasmiylashtirilgan. Shundan 18 ming 306 tasi transport vositalariga, 16 ming 35 tasi esa ko‘chmas mulkka oid oldi-sotdi shartnomalari bo‘lgan.

Hisobot davri yakuniga ko‘ra, 1 ming 96 ta bitim hali ko‘rib chiqish jarayonida.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori faollik Toshkent shahrida kuzatilgan. Poytaxtda iyul oyida 9 ming 674 ta eskrou bitimi rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu respublika bo‘yicha umumiy bitimlarning 28,1 foizini tashkil etgan.

Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati (3 ming 401 ta), Samarqand viloyati (2 ming 810 ta) va Andijon viloyati (2 ming 567 ta) joylashgan.

Avvalroq, ulushli qurilishda joriy etilayotgan eskrou tizimi uylarning tannarxini oshirishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Bu ma’lumot O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida e’lon qilingan.

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi mas’ul xodimi Jamshid Mirzayevning ta’kidlashicha, yangi tizimda fuqarolar va ulushdorlarning barcha mablag‘lari – to‘lovlar, subsidiyalar, ipoteka kreditlari – bankdagi eskrou hisobvarag‘iga jamlanadi, quruvchi esa bu mablag‘lardan foydalana olmaydi.

uzbekistancentral banktashkentreal estateconstructionescrow systemvehicle saleshousing market