O‘zbekistonda investitsiyalar hajmi qariyb 339 trln so‘mga yetdi
Asosiy ulushni xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan tashqi kreditlar tashkil qildi

O‘zbekistonda investitsiyalar hajmi qariyb 339 trillion so‘mga yetdi.
Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini rivojlantirish maqsadida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 338,9 trillion so‘m asosiy kapitalga investitsiyalar jalb qilingan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,5 foizga o‘sganini ko‘rsatadi. Investitsiyalar tarkibida eng katta ulush xorijiy sarmoyalar va tashqi moliyalashtirish hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning eng katta qismi – 235 trillion 628,2 milliard so‘m xorijiy investitsiyalar va O‘zbekiston Respublikasi kafolati bilan ta’minlanmagan xorijiy kreditlar hisobidan amalga oshirilgan.
Korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan 38 trillion 631,6 milliard so‘m, O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hisobidan esa 23 trillion 419,5 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilgan.
Shuningdek, aholi mablag‘lari hisobidan 19 trillion 33,2 milliard so‘m, respublika budjeti hisobidan 15 trillion 999,3 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirilgan.
Tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari hisobidan 4 trillion 824 milliard so‘m asosiy kapitalga investitsiya kiritilgan. Shu jumladan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 trillion 408,4 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilgan.

