O‘zbekistonda dronlarni lazer yordamida urib tushiradigan tizim loyihasi taqdim etildi
U lazer nuri orqali 1000 metrdan ortiq masofada 2 soniyadan kam vaqt ichida nishonni bartaraf etadi.

O‘zbekistonda lazer yordamida uchuvchisiz uchar qurilmalarni (dronlarni) urib tushirishga mo‘ljallangan tizim loyihasi namoyish etildi.
"Kelajak muhandislari" ko‘rik-tanlovi doirasida yosh ixtirochi-muhandis Ikromjon Mo‘ydinjonov ARGUS-SYS deb nomlangan anti-UAV tizimi loyihasini taqdim etdi.
Ushbu innovatsion ishlanma dronlarni tezkor va samarali tarzda zararsizlantirishni maqsad qilgan. Tizim YOLOv8 sun'iy intellekt algoritmi va optik uzatgichlar yordamida dronlarni avtomatik ravishda aniqlaydi va nishonga oladi.
U 500 vatt quvvatga ega (405 nm) lazer nuri orqali 1000 metrdan ziyod masofada, 2 soniyadan kam vaqt ichida nishonni yo‘q qila oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda dronlarni tutuvchi qurilma yaratilgani haqida xabar berilgan edi.

