O‘zbekiston yarim yilda 41 tonna oltin xarid qildi

O‘zbekiston oltin xarid qilish bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda: yarim yilda 41 tonna sotib olindi
Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyida jahon markaziy banklari jami 51 tonna oltin xarid qilgan. Bu haqda “TASS” axborot agentligi xabar berdi.
Iyun oyida eng faol xaridorlar Polsha Markaziy banki (19 tonna) va Xitoy (15 tonna) bo‘ldi. O‘zbekiston 9 tonna oltin xarid qilib, uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Qozog‘iston 7 tonna, Iordaniya 3 tonna, Gruziya va Gana banklari esa har biri 1 tonnadan oltin sotib oldi.
Hisobotga ko‘ra, mazkur oyda eng ko‘p oltin sotgan davlatlar Rossiya (9 tonna) va Turkiya (2 tonna) bo‘ldi.
2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, markaziy banklar tomonidan oltin xarid qilish hajmi 102 tonnaga yetgan bo‘lib, xaridlar asosan rivojlanayotgan bozorga ega mamlakatlar tomonidan amalga oshirilgan.
Yarim yil davomida eng yirik xaridorlar ro‘yxati quyidagicha:
* Polsha — 82 tonna;
* O‘zbekiston — 41 tonna;
* Xitoy — 40 tonna;
* Qozog‘iston — 27 tonna.
Boshqa yirik xaridorlar qatoriga Chexiya (11 tonna), Singapur (10 tonna), Chili (8 tonna), Iordaniya va Gana (6 tonnadan) kiritilgan.
Avvalroq Oʻzbekiston oltin eksportini qisqartirib, gaz va benzin importini keskin oshirgani xabar qilingandi. Yanvar-iyun oylarida mamlakat tashqi savdo aylanmasi hajmi 41 mlrd dollarga yetgan.

