Mahalliy

O‘zbekiston xalq shoiri Sharifa Salimova vafot etdi

O‘zbekiston xalq shoiri Sharifa Salimova 75 yoshida vafot etdi. 'Qaddingni tik tut, Ayol' kabi taniqli qo‘shiqlar muallifi, o‘z navbatida, Oliy Majlisda deputatlik qilgan, Prezident devonida ham ishlab, xotin-qizlar va ijtimoiy masalalarga oid qonunchilikni rivojlantirishga hissa qo‘shgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston xalq shoiri Sharifa Salimova 5-avgust kuni vafot etdi. Marhumaning janoza namozi asr namozidan so‘ng Chig‘atoy masjidida o‘qiladi.

Shoira Sharifa Salimova 1951-yil 30-dekabrda Toshkent viloyatining Parkent tumanida tug‘ilgan. U 1958-yildan 1968-yilgacha maktabda ta’lim olgan va ilk she’rlari tuman gazetasi “Sur’at”da chop etilgan. 1969-1974-yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagach, O‘zbekiston televideniye va radioeshittirish qo‘mitasining “Vatandosh” radiostansiyasida ish faoliyatini boshlagan.

Sharifa Salimova 1987-yilgacha radioda kichik muharrirlikdan bo‘lim boshlig‘igacha bo‘lgan lavozimlarda ishlagan. 1989-1994-yillarda “Saodat” jurnali va “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida bo‘lim mudiri lavozimida faoliyat yuritgan. Shu yillarda uning jamiyat muammolariga bag‘ishlangan publitsistik maqolalari e’lon qilingan.

Sharifa Salimova shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti devoni ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha yetakchi konsultanti (1998-1999), Prezident devoni tashkiliy-kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha yetakchi konsultanti (1999-2000), Oliy Majlisning Oila va ayollar muammolari komissiyasi raisi, deputat (2000-2005), Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi, deputat (2005-2009) lavozimlarida ham ishlagan.

Uning dastlabki she’riy asarlari 70-yillarning oxiri va 80-yillarda “Hayot zavqi” (1978) va “Mening bahorim” (1987) nomlari bilan nashr etilgan. Shoira ijodida Alisher Navoiyning 550 yilligiga bag‘ishlangan “Xizr bulog‘i” (1996) dostoni alohida o‘rin tutadi. Unda feodal tuzum davri ayollarining fojiali qismati tasvirlangan. “Tongga qasam” (2002) publitsistik maqolalar to‘plamida esa davrning eng dolzarb masalalari yoritilgan.

Sharifa Salimovaga 1994-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan. 2018-yilda esa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

U rus, qozoq, qirg‘iz shoiralaridan tarjimalar qilish bilan birga, islomshunos nemis shoiri Hadayatulloh Hyubsh she’rlarini ham tarjima qilib, “Oh, atirgul” nomi bilan nashrga tayyorlagan.

Boshqa kitoblari: “Yetti oqqush” (1991), “Giyohlar bilan tillashgan inson” (1996), “Giyohlar bilan tillashib, tog‘ oshayotgan odam” publitsistik to‘plami (2007), “Olimlik va odamiylik” (2011), “Vatan suvrati” (2011), “Vafoning iffat yo‘li” (2016, Kibriyo Qahhorova haqida to‘plam), “Quvnoq Alifbo” turkumida “Hayvonot olamiga sayohat” (2016), “To‘maris” (2016), “Bedor tun tomchilari” (2018), “Qushlar alifbosi”.

Shuningdek, u “Yurakka sanchilgan ignalar”, “Ayol bo‘lish osonmi?”, “Ayol jinoyatga qo‘l urdi”, “Ko‘ngli yarimlar dunyosi”, “Yolg‘iz ayol: u kim?”, “Ildizlaring qayda iztirob?” va boshqa qator publitsistik maqolalarda ijtimoiy hayot muammolarini ko‘targan. Deputatlik faoliyati davomida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun og‘ir muammo bo‘lgan yod tanqisligi masalasini qonunlashtirish taklifi bilan chiqib, “Yodlangan osh tuzi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Uning “Qaddingni tik tut, Ayol”, “Vatan”, “Davlatli sultonim mening”, “Qo‘rqitar”, “Achom-achom qilasiz” va boshqa she’rlari qo‘shiq qilib kuylangan (Yulduz Usmonova ijrosida).

poetobituaryjournalistsharifa salimovapoliticianauthortranslatorpublic figure