O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma biznes-forumga tayyorgarlik ko‘rmoqda
O‘zbekiston va Qozog‘iston avgust oyida biznes-forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Asosiy yo‘nalishlar logistika va agrosanoat kooperatsiyasidir.

O‘zbekiston va Qozog‘iston qo‘shma biznes-forumga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) – O‘zbekiston va Qozog‘iston Savdo-sanoat palatalari avgust oyida Qozog‘iston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Qozog‘iston biznes-forumiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar 30-iyul kuni videokonferensiya shaklida o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va rais maslahatchisi Alisher Shayxov ishtirok etdi.
Muzokaralarda, shuningdek, Qozog‘iston “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi Qanat Sharlapayev, Qozog‘iston Tashqi savdo palatasi boshqaruvi raisi va Qozog‘iston–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi hamraisi Murat Karimsakov, shuningdek, Qozog‘iston tomoni vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari Qozog‘iston biznes-delegatsiyasining bo‘lajak tashrifi dasturi, biznes-forumni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar hamda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni ko‘rib chiqdi.
Qozog‘iston delegatsiyasi tarkibiga “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasi rahbariyati, hududiy palatalar vakillari, Ostona, Olmaota va Taraz shaharlaridan delegatsiyalar, Turkiston, Qostanay va Sharqiy Qozog‘iston viloyatlari vakillari, shuningdek, Qozog‘iston Chorvachilik uyushmasi, Yog‘-moy sanoati uyushmasi, QazAI sunʼiy intellektni rivojlantirish uyushmasi va boshqa tarmoq birlashmalari vakillari kirishi kutilmoqda.
Forum doirasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida logistika va agrosanoat kooperatsiyasi belgilandi.
Tashrif dasturidan Toshkentdagi texnopark, sanoat korxonalariga tashrif buyurish va o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish ham o‘rin olgan.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda ikki tomonlama kelishuvlarda nazarda tutilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlikni faollashtirish niyatini tasdiqladi.

