Iqtisodiyot

Mozori Sharif shahrida Farg‘ona–Balx biznes forumi bo‘lib o‘tdi

Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Farg‘ona va Balx viloyatlari tadbirkorlari ishtirokida biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki hududning ishbilarmon doira vakillari o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, qator muhim kelishuvlarga erishdilar.

Mozori Sharifda Farg‘ona–Balx biznes forumi bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Farg‘ona va Balx viloyatlari tadbirkorlari ishtirokida biznes forumi tashkil etildi. Ushbu tadbirda ikki hududning ishbilarmon doira vakillari hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, bir qator muhim kelishuvlarga erishdilar.

Forumda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Balx viloyati mutasaddilari, savdo-sanoat palatalari rahbarlari, shuningdek, uch yuzdan ortiq yirik kompaniya va korxonalar vakillari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilayotganini, ayniqsa, hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Mazkur biznes forumi Farg‘ona va Balx viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda tadbirkorlar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Ikki hudud o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq, qurilish, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash kabi sohalarda hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Balx viloyati Savdo va investitsiya palatasi raisi Ibrohim G‘azanfar va boshqalar ikki tomonlama ishbilarmonlik uchrashuvlari hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, yangi sheriklik munosabatlarini shakllantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

Forum doirasida Farg‘ona viloyati hokimligi hamda "Kamal Nabizada Ltd" kompaniyasi o‘rtasida Mozori Sharif shahrida Farg‘ona savdo uyini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, ikki viloyat Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda hududlar bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tadbirkorlar ishtirokida B2B formatidagi muzokaralar o‘tkazildi. Unda ishbilarmonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilib, qo‘shma korxonalar tashkil etish, mahsulot yetkazib berish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.

Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi, Farg‘ona va Balx viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu biznes forumi ikki hudud tadbirkorlari o‘rtasida yangi hamkorlik ko‘priklarini yaratish, savdo aylanmasini oshirish va istiqbolli iqtisodiy loyihalarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

uzbekistanferganabusiness forumbalkheconomic cooperationtradeafghanistaninvestment