O‘zbekiston prezidenti I darajali «Manas» ordeni bilan taqdirlandi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali «Manas» ordeni bilan taqdirladi. O‘zbekiston rahbari mukofotni munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan intilishlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga I darajali “Manas” ordeni topshirildi.
Marosimda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ushbu yuksak mukofotni O‘zbekiston davlat rahbariga shaxsan taqdim etdi.
O‘zbekiston rahbari qardosh Qirg‘iziston Prezidenti va xalqiga samimiy minnatdorlik bildirdi. U ushbu mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarini yangi, ittifoqchilik darajasiga ko‘tarishga qaratilgan umumiy intilishlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
1996-yilda ta’sis etilgan “Manas” ordeni Qirg‘iziston Respublikasining eng oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. U respublika va xorij fuqarolariga davlatchilikni va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.

