Layfstayl

Olimlar insonning ko‘radigan tushlari nimaga bog‘liqligini aniqladi

Olimlar inson tushlarining sabablarini aniqladi

Ba’zi tushlar nima uchun yorqin va hayotiy, boshqalari esa xira va parcha-parcha bo‘lishining siri ochildi. Italiyaning Lukka shahridagi IMT oliy maktabi olimlari tushlar tasodifiy emas, balki insonning shaxsiy xususiyatlari va hayotidagi voqealar bilan bog‘liq ekanligini aniqladilar.

Tadqiqot doirasida 18 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 287 nafar ishtirokchining 3 700 dan ortiq tushlari va kunduzgi kechinmalari tahlil qilindi. Ikki hafta davomida qatnashchilar har kuni o‘z tushlarini va kunduzgi muhim voqealarni yozib bordilar. Olimlar esa shu bilan birga ularning uyqu rejimi, kognitiv qobiliyatlari va psixologik holatini o‘rgandilar.

Ma’lumotlarni qayta ishlashda sun’iy intellekt qo‘llanildi. U tushlarning xarakteri va shaxsiyat xususiyatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi. Masalan, xayolparast odamlar parcha-parcha va tez o‘zgaruvchan syujetli tushlar ko‘rishi, tushlarga katta ahamiyat beradigan insonlarning tushlari esa mazmunan boy va hissiy jihatdan barqaror bo‘lishi ma’lum bo‘ldi.

Kunduzgi qaydlar va tushlar tavsifi solishtirilganda, miya reallikni shunchaki nusxalamasligi, balki uni qayta ishlab, o‘zgartirishi aniqlandi. Ishxona, shifoxona yoki maktab kabi tanish joylar tushda turli elementlar aralashib ketgan va kutilmagan ko‘rinishdagi sahnalarga aylanadi.

Olimlar, shuningdek, yirik voqealarning tushlarga ta’sirini ham o‘rgandilar. COVID-19 karantini davrida to‘plangan ma’lumotlar ushbu bosqichda tushlar yanada keskinlashganini va ularda cheklovlar mavzusi ko‘p uchraganini ko‘rsatdi. Vaqt o‘tib, odamlar vaziyatga moslashgach, ushbu motivlar yo‘qolgan. Bu tushlar mazmuni hayotdagi katta o‘zgarishlarga nisbatan bildiriladigan psixologik reaksiya bilan birga o‘zgarishidan dalolat beradi.

“Natijalarimiz shuni ko‘rsatadiki, tushlar shunchaki o‘tmishdagi tajribaning aksi emas, balki biz kim ekanligimiz va nimani boshdan kechirayotganimiz asosida shakllanadigan dinamik jarayondir”, deydi IMT oliy maktabi tadqiqotchisi Valentina Elche.

psixologiyatushlartushlar mazmuniinson xususiyatlarihayotiy voqealarcoviduyqu tadqiqotlarisun'iy intellekt