Layfstayl

Tadqiqotchilar qashshoqlik miya qarishini tezlashtirishini aniqladi

Tadqiqotchilarning topilmalariga ko‘ra, qashshoqlik miyaning qarish jarayonini tezlashtirishi mumkin. London Universitet kolleji olimlari "Innovation in Aging" jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda shunday xulosaga kelishdi.

Olimlar "Salomatlik va rivojlanish milliy tadqiqoti" doirasida umr bo‘yi anketalarni to‘ldirib kelgan 2759 nafar britaniyalikning ma’lumotlarini tahlil qildilar. Ular shuni aniqladilarki, voyaga yetganida doimiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yoki doimiy past daromadga ega bo‘lgan shaxslar 53 yoshga kelib kognitiv testlarda yomonroq natijalar ko‘rsatgan.

Tadqiqot ishtirokchilarining bir qismi miya skaneridan ham o‘tkazildi. Olimlar uzoq vaqt kam daromad bilan yashagan kishilarda keksalikda (69 yoshdan 71 yoshgacha) miya salomatligining yomonlashgani, xususan, uning hajmi kichraygani kuzatilganini aniqladilar. Bu bog‘liqlik hatto bolalikdagi kognitiv qobiliyatlar, ma’lumot darajasi va nosog‘lom oilaviy muhit kabi natijalarga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan omillar hisobga olingandan keyin ham saqlanib qolgan.

Tadqiqotchilar moliyaviy qiyinchiliklar miya qarishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan bir nechta sababni aniqladilar. Ulardan biri surunkali stress keltirib chiqaradigan yallig‘lanish jarayonlaridir. Pul haqidagi doimiy xavotirlar ham kognitiv yuklamani oshirib, odamlarda boshqa aqliy vazifalarni bajarish uchun resurslarni kamaytirishi mumkin.

Moliyaviy qiyinchiliklar va miyaning tez qarishi o‘rtasidagi bog‘liqlik bir necha guruh odamlarda, xususan, erkaklarda, bolaligida noqulay sharoitda o‘sganlarda hamda Alsgeymer kasalligiga moyilligi bo‘lganlarda ayniqsa kuchli namoyon bo‘lgan.

Olimlar erkaklar va ayollar o‘rtasidagi farqni nochor ahvoldagi erkaklar orasida zararli odatlar (chekish va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish) ko‘proq tarqalgani bilan izohlaydilar. Yana bir sabab shuki, tadqiqot ishtirokchilari Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda tug‘ilgan va oilaning asosiy boquvchisi bo‘lishgan.

qashshoqlikmiya qarishimoliyaviy qiyinchiliklarkognitiv qobiliyatalsgeymer kasalligitadqiqotsalomatlikstress