OFK Elit OCHL musobaqasining keyingi 3 ta finali mezbonligini Saudiya Arabistoniga berdi

OFK Elit OCHLning keyingi uchta finaliga Saudiya Arabistoni mezbonlik qiladi
Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) Ijroiya qo‘mitasi Osiyoning eng nufuzli klublar musobaqasi – Elit Osiyo Chempionlar Ligasi (Elit OCHL)ning navbatdagi uch mavsum final bosqichlarini o‘tkazish huquqini rasman Saudiya Arabistoniga berdi.
2024/2025-yilgi mavsum oldidan musobaqa tizimi tubdan o‘zgartirilgan bo‘lib, uning hal qiluvchi o‘yinlari (chorak final, yarim final va final) bitta markazlashgan davlatda o‘tkazilishi belgilangan edi. Dastlabki ikkita sinov ham aynan Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tdi.
Qiziqarli jihati shundaki, Jidda shahri mezbonlik qilgan har ikkala mavsumda ham mahalliy “Al-Ahli” klubi g‘olib bo‘ldi. Jamoa 2025-yilda Yaponiyaning “Kavasaki Frontale” klubini mag‘lub etgan bo‘lsa, shu yilning may oyida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi finalda yana bir yapon klubi – “Machida Zelviya”ni qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0 hisobida yengib, ketma-ket ikkinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Qit’aning yetakchi chempionatlari g‘oliblarini o‘zida jamlaydigan kelgusi mavsumdan boshlab liga bosqichida jamoalar soni kengaytiriladi. Endilikda musobaqada 24 ta emas, balki 32 ta klub ishtirok etadi.
Yangi mavsum taqvimi quyidagicha belgilangan:
Saralash o‘yinlari starti: 11-avgust
Liga bosqichiga qur’a tashlash (Kuala-Lumpur): 18-avgust
Asosiy bosqich o‘yinlari boshlanishi: 14-sentabr
Ma’lumot uchun, Elit Osiyo Chempionlar Ligasi turnirining 2026/2027-yilgi mavsumida O‘zbekiston sharafini Farg‘onaning “Neftchi” klubi himoya qiladi. Toshkentning “Paxtakor” jamoasi esa o‘z yurishini saralash bosqichidan boshlaydi. Agar “sherlar” undan muvaffaqiyatli o‘tsa, ular ham musobaqaning asosiy bosqichiga yo‘llanma oladi.

