Mahalliy

“Odamlar suddan qo‘rqmasligi kerak”: Chicago Bar Foundation’dagi ilk o‘zbekistonlik Go‘zal Abduaxatova

**"Odamlar suddan qo‘rqmasligi kerak": Chicago Bar Foundation’dagi ilk o‘zbekistonlik Go‘zal Abduaxatova**

Go‘zal Abduaxatovaning Amerikadagi akademik faoliyatida e’tiborga molik jihat shundaki, u Chicago Bar Foundation (CBF)da amaliyot o‘tagan birinchi o‘zbekistonlik talaba bo‘ldi. CBF Chikago yuridik hamjamiyatining xayriya tashkiloti bo‘lib, qiyin ahvoldagi insonlarga adolatli yuridik yordam olishda bepul ko‘mak beradi. Qayd etish joizki, Go‘zalning insonlarga bepul huquqiy yordam berish borasidagi tajribasi ancha oldin, O‘zbekistonda boshlangan.

Suhbat davomida u amerikalik va o‘zbekistonliklarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayoni, shuningdek, O‘zbekistondagi huquq tizimi uchun innovatsion takliflari haqida so‘zlab berdi.

**Boshlanish nuqtasi**

"Bolaligimdan oilam har doim tanlovlarim va qiziqishlarimni qo‘llab-quvvatlagan. O‘z soham va qo‘shimcha mashg‘ulotlarimni erkin tanlashimga imkon berishgan. Bilim olish doim rag‘batlantirilgan, hatto eng kichik yutuqlarimiz ham nishonlangan. Ota-onam menga in’om etgan mana shu tanlov erkinligi katta hayotda o‘z yo‘limni topishimda muhim rol o‘ynagan, deb o‘ylayman," — deydi Go‘zal.

Maktab davrini asosan fan olimpiadalari bilan eslaydi. Aynan olimpiadalar unda intiluvchanlik va kurashuvchanlikni shakllantirgan. U shahar bosqichigacha chiqib, doim ikkinchi o‘rinni egallagan. Bu ham yomon natija emas edi, ammo u birinchilikni istagan. Olimpiadadan so‘ng uyga qaytib yig‘laganlari hamon yodida. Bu holat uch yil takrorlangan, nihoyat 9-sinfda, to‘rtinchi urinishda shahar bosqichida birinchilikni egallab, litsey/kollejga imtiyozli asosda kirish huquqini qo‘lga kiritgan. Bu uch yillik mag‘lubiyat alami, qat’iy maqsad va shu maqsadga erishish yo‘lidagi po‘lat intizomning mahsuli edi.

Oilasi bilan maslahatlashib, yuridik litseyni tanlagan. Huquq sohasiga qiziqish shu dargohda boshlangan, endi u o‘z tasavvurida xalqaro darajadagi bo‘lajak yurist yoki diplomat sifatida gavdalangan. Bu shirin xayollar uch yildan so‘ng uni Toshkent davlat yuridik universitetiga yetaklab kelgan. "Bilasizmi, talaba bo‘lganimda 'tamom, oliy maqsadimga erishdim, orzumdagi universitetga kirdim', deb o‘ylaganman. Oliygoh hayotida faol qatnashish, sohaning past-u balandliklari bilan tanishish asnosida tushundimki, bu hali katta yo‘lning boshlanishi ekan," — deydi Go‘zal.

**Ilk tajriba**

Universitetda darsdan tashqari asosiy vaqti kutubxonada o‘tgan. Lekin u shunchaki "yaxshi o‘qiydigan talaba" bo‘lishni istamagan. Unga amaliyot, ko‘proq amaliyot kerak edi. Chunki qonunlarni yodlash boshqa, uni amalda qo‘llab, insonlarga manfaat keltirish boshqa.

Shu ma’noda, oliygohdagi ikki loyihada ishtirok etish u uchun katta qimmatli tajriba bo‘lgan. Birinchisi – "Street Law" loyihasi bo‘lib, uning konsepsiyasiga ko‘ra, maktab o‘quvchilariga inson huquqlari, konstitutsiyaviy me’yorlar, korrupsiyaga qarshi kurash, iste’molchilar huquqlari va gender tengligi kabi kundalik huquqiy tushunchalarni oddiy va tushunarli tilda tushuntirib borishgan.

Ikkinchi loyiha TDYU yuridik klinikasi bo‘lib, unda talabalar fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatgan, ularning ariza va yuridik hujjatlarini professorlar nazorati ostida tayyorlashga ko‘maklashgan. "Mana shu jarayonda odamlarga yordam berish, ularning mushkulini yengillatishdan huzurlanishimni angladim. Kimningdir hayotida kichkina bo‘lsa ham ijobiy o‘zgarish qila olsam, men uchun motivatsiyaning eng zo‘ri shu," — deydi Go‘zal.

Aynan shu davrda — advokatga pul to‘lay olmagan, hujjatlarini qanday to‘ldirishni bilmagan, sud ostonasida sarson bo‘lganlar bilan ishlaganida unda bir savol tug‘ilgan: nega oddiy fuqaro uchun adolat sari yo‘l bunchalik murakkab va mashaqqatli bo‘lishi kerak? Bu savolga javob izlay-izlay ummon ortiga — Amerikaga kelib qolgan.

**Ilk o‘zbekistonlik**

2025-yil yanvarida Illinoys shtatidagi Urbana-Champaign universiteti huquq fakultetining magistratura dasturiga qabul qilingan. "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendianti bo‘lgani uchun o‘qish xarajatlaridan ozod edi. Tahsilning ilk oylaridayoq talabalar uchun yozgi amaliyot dasturlari bo‘yicha e’lonlar berila boshlagan. O‘nlab variantlar orasida eng e’tiborini tortgani Chicago Bar Foundation (CBF)ning Summer 2025 LLM Externship dasturi bo‘lgan. Chunki bu dastur vatanda bir necha yillar davomida samimiy ishtiyoq bilan shug‘ullangan ish — o‘zini sudda himoya qilishga qiynalayotgan fuqarolarga yordam berishning amerikancha muqobili edi.

Raqobat juda kuchli bo‘lgan, nomzodlar orasida AQSH fuqarolari ham, dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan tajribali huquqshunos talabalar ham bor edi. Avvaliga imkoniyatlariga biroz ikkilangan. Lekin fuqarolarning sudga murojaatini yengillatish bo‘yicha AQSh tajribasini o‘rganish ishtiyoqi tavakkal qilib ko‘rishga undagan. Va O‘zbekistonda to‘plangan uch yillik pro bono (bepul huquqiy yordam) tajribasi o‘z so‘zini aytgan — tanlovda g‘olib bo‘lib, mazkur dasturning o‘zbekistonlik ilk ishtirokchisiga aylangan.

2025-yil iyun—avgust oylarida davom etgan amaliyot ikki asosiy yo‘nalishda kechgan. Birinchi yo‘nalishda AQSH shtatlaridagi sud transkripsiyasi va tarjima amaliyotlari bo‘yicha keng qamrovli huquqiy-siyosiy tadqiqot olib borgan; 50 dan ortiq shtatning sun’iy idrok asosidagi transkripsiya tizimlarini o‘zaro solishtirib, olingan xulosalar asosida Kuk (Cook) okrugi sudlarida SI transkripsiyasini joriy etish bo‘yicha amaliy takliflar tayyorlagan.

Ikkinchi yo‘nalish odamlar bilan bevosita muloqotdan iborat edi. Haftada ikki kun Richard J. Daley markazi Kuk okrug sudi qoshidagi Advokatsiz fuqarolar uchun resurs markazida faoliyat yuritgan. Bu yerda advokat yollashga imkoniyati bo‘lmagan fuqarolarga uy-joydan chiqarish, ajrim, bolalar vasiyligi va ota-onalik huquqidan mahrum qilish kabi murakkab oilaviy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sud hujjatlarini to‘ldirishda bevosita ko‘maklashgan.

"Bu amaliyot menga bir narsani juda aniq anglatdi: odam sudga kelganida ko‘pincha qo‘rquv va sarosimada bo‘ladi, chunki murakkab tizimni tushunmaydi. Mutaxassisning vazifasi shunchaki blankani to‘ldirib berish emas, balki fuqaroga 'siz bu muammoni yengib o‘ta olasiz' degan ishonchni bag‘ishlashdir," — deydi Go‘zal.

Shu bilan birga, Kuk okrugi sudyalari, Chikago Advokatlar assotsiatsiyasi prezidenti va boshqa nufuzli huquqshunoslar bilan muloqot AQSHda odil sudlovga murojaat ekotizimini yaxlit va chuqur anglash imkonini bergan.

Tadqiqot va Daley markazidagi jonli muloqot bir-birini to‘ldirib borgan. Bir tomonda qonun matnlari va shtatlararo qiyosiy tadqiqotlar, ikkinchi tomonda xuddi shu qonunlarning real hayotdagi aksi — farzandining vasiyligi uchun kurashayotgan ona yoki uy-joy nizolarida o‘z huquqini bilmay qiynalayotgan insonni ko‘rgan. Nazariya va amaliyot uyg‘unligi unga huquq sohasi nafaqat qog‘ozlar va moddalar, balki insonlar taqdiri bilan bog‘liqligini har kuni eslatib turgan.

CBF’dagi amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlab, Urbana-Champaignga qaytgan. Kuzgi semestr arafasida universitetdagi Student Legal Services’ning amaliyot dasturi bo‘yicha e’longa ko‘zi tushgan. Bu tashkilot universitet talabalariga ijara shartnomalari, uy-joy muammolari va yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha bepul huquqiy yordam mezonlari bo‘yicha Shampeyn (Champaign) okrugi sudlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydi. Daley markazida to‘plagan tajribasi qo‘l kelib, bu dasturga ham qabul qilingan. Natijada Illinoys shtatining ikki yirik okrugi — Kuk va Shampeyn sud tizimini ichidan o‘rgangan birinchi o‘zbekistonlikka aylanish nasib qilgan.

Mazkur dasturdagi ishtiroki davomida sud jarayonlarida bevosita kuzatuvchi sifatida qatnashgan, biriktirilgan advokatlar nazorati ostida mijozlar bilan dastlabki intervyularni o‘tkazgan hamda AQSHdagi advokat-mijoz munosabatlarining amaliy jihatlarini atroflicha o‘rgangan.

**Ilk xulosalar**

Hozirda Chikagodagi Hurst, Kay, Allen & Stambler yuridik firmasida paralegal, ya’ni sud ishlarini tayyorlash, huquqiy tadqiqotlar olib borish va hujjatlar bilan ishlashga mas’ul mutaxassis sifatida faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, Nyu York shtatida advokatlik litsenziyasi olish uchun imtihonlarga ham hozirlanmoqda. Kelgusi ixtisoslashuv borasida oldida ikkita yo‘l bor: yoki bankrotlik huquqini yaxshilab o‘rganib korporativ yo‘nalishni tanlash, yoki yetarlicha ko‘nikma kasb etgan oila huquqi sohasida qolish. Qaysi yo‘nalishni tanlashidan qat’i nazar pro bono — fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish, sudga murojaat tizimini osonlashtirish bo‘yicha tadqiqotlarini davom ettirmoqchi.

"Chikagoga ko‘chib kelganimda 22 yoshda edim. Notanish ulkan shahar, tamomila boshqacha huquqiy tizim, hech kimni tanimayman. Ko‘plab yosh mutaxassislar uchun bu ruhiy va kasbiy jihatdan eng murakkab davr bo‘lishi mumkin, men esa bu bosqichni ayricha minnatdorlik bilan eslayman. Chunki professorlarim va mentorlarim doim yonimda bo‘lib, har bir savolimga qunt bilan javob berishdi, ishga mas’uliyat va professionallik bilan yondashishni o‘rgatishdi," — deydi Go‘zal.

Ikki nufuzli dasturdagi ishtiroki unga universitet auditoriyalarida topib bo‘lmaydigan amaliy tajriba, AQSH huquq tizimining eng samarali mexanizmlari bilan tanishish imkonini bergan. Aynan shu kuzatuvlar O‘zbekiston qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha yangi g‘oyaning tug‘ilishiga turtki bergan. Hozirda muhim ilmiy-amaliy taklif — Kuk okrugidagi standartlashtirilgan sud shakllari tajribasiga asoslangan holda O‘zbekiston sudlari hamda "Madad" nodavlat-notijorat tashkilotining 149 ta hududiy maslahat byurosi tarmog‘i orqali oilaviy nizolar bo‘yicha soddalashtirilgan va standartlashtirilgan arizalar tizimini joriy etish ustida ishlamoqda.

"AQSHdagi amaliyotdan shunday muhim xulosa oldim: sudda o‘zini himoya qilayotgan fuqaro uchun tizim qanchalik tushunarli, sodda va qulay bo‘lsa, adolatga erishish shunchalik osonlashadi. Huquqshunos sifatida pirovard maqsadim — zamonaviy texnologiyalar va standartlashtirilgan yechimlar orqali har bir fuqaroga sifatli huquqiy yordam olish imkonini yaratishga hissa qo‘shmoq. Agar bitta amaliy islohot, sudga murojaatni soddalashtiruvchi birgina qulay protsedura insonlarning sud tizimi qarshisidagi qo‘rquvini ozgina bo‘lsa ham kamaytira olsa, adolatga ishonchini oshirsa, demak, harakatlarimiz zoye ketmagan bo‘ladi," — deya so‘zini yakunladi Go‘zal Abduaxatova.

Suhbatlashdi Saodat Abdurahmonova.

legal aiduzbekistanlegal reformchicago bar foundationpro bonolaw careeraccess to justicelegal education