Olmaotada insultga chalingan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
Qozog‘istonning Olmaota shahrida ishlab yurgan vaqtda insultga chalingan O‘zbekiston fuqarosi Bosh konsulxona ko‘magida vatanga qaytarildi. Diplomatik vakolatxona unga hujjatlarni rasmiylashtirish, aviachipta xarid qilish va mamlakatdan qonuniy chiqib ketishida amaliy yordam ko‘rsatdi.

Insultga uchragan O‘zbekiston fuqarosi Olmaotadan vataniga qaytarildi.
O‘zbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Qozog‘istonda ishlayotgan vaqtida insultga chalingan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaroning murojaati va sog‘lig‘i holati inobatga olinib, Bosh konsulxona tomonidan unga O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan. Shuningdek, Olmaota–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta sotib olishda ham amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Qozog‘istonning vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi va migratsiya organlari bilan hamkorlikda fuqaroning mamlakat hududidan qonunchilik talablariga muvofiq chiqib ketishi ta’minlangan.
Shu bilan birga, ushbu masalani hal etish jarayonida O‘zbekiston fuqarosini vaqtincha yashash joyi, kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan ta’minlash, hujjatlarini rasmiylashtirish hamda boshqa ijtimoiy-maishiy masalalarda beg‘araz yordam ko‘rsatgan Qozog‘iston fuqarosiga Bosh konsulxona nomidan minnatdorlik bildirildi.
Ta’kidlanishicha, diplomatik vakolatxona xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga tezkor konsullik yordamini ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.

