Oʻzbekiston Xitoydan toʻrtta J-10CE qiruvchilarini qabul qildi — OAV

OAV xabarlariga koʻra, Oʻzbekiston Xitoydan toʻrtta J-10CE qiruvchi samolyotini qabul qildi.
Defence Security Asia nashrining mudofaa sohasidagi kuzatuvchilarga tayanib xabar berishicha, Oʻzbekiston havo mudofaa kuchlari 21 va 22-iyul kunlari Xitoyning toʻrtta Chengdu J-10CE qiruvchi samolyotini qabul qildi. Hozircha ikki davlat ham ushbu aviatexnika yetkazib berilishi boʻyicha rasmiy bayonot bermagan.
Xabarda aytilishicha, Oʻzbekiston bilan tuzilgan shartnoma 24 ta J-10CE qiruvchisini bosqichma-bosqich yetkazib berishni va uchuvchilarni tayyorlashni nazarda tutadi. 2025-yilda Toshkentga yana ikkita qiruvchi samolyot yetkazib berilishi kutilmoqda.
J-10 qiruvchilariga boʻlgan qiziqish 2025-yil may oyida Pokiston harbiylari aynan shu samolyotlar yordamida Hindiston tasarrufidagi "Rafale" va "Su" samolyotlarini urib tushirganidan soʻng oshgan edi. Natijada, Gʻarb yoki Rossiya samolyotlarini xarid qilishni rejalashtirgan boshqa mamlakatlar Xitoyning J-10CE modelini jiddiy muqobil sifatida koʻra boshladilar.
Ushbu samolyotning narxi 40–50 million dollarga baholangan boʻlib, bu Gʻarbning 4+ avlod qiruvchilaridan ancha arzon hisoblanadi. Masalan, bitta Rafale samolyoti (100-130 million dollar atrofida) oʻrniga Xitoyning bir nechta samolyotini sotib olish mumkin.
Defence Security Asia nashrining taʼkidlashicha, yetkazib berilayotgan har bir qiruvchi ham harbiy salohiyatni oshirish, ham geosiyosiy ishora vositasi boʻlib xizmat qiladi. Xabar mualliflari shunday deydi: "Xitoy jangovar samolyotlari Toshkent va Moskva oʻrtasidagi diplomatik munosabatlarni buzmagan holda Rossiya tizimlarining oʻrnini egallay olishini koʻrsatadi".
"Daryo" nashri qiruvchi samolyotlar qabul qilingani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh olish uchun Oʻzbekiston Mudofaa vazirligiga soʻrov yubordi.

