Oʻzbekiston Senati statistika tizimiga kiritilgan oʻzgartirishlarni maʼqulladi
Senatning yalpi majlisida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Senati statistika tizimiga kiritilgan oʻzgarishlarni tasdiqladi.
Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi. Ushbu qonun statistika organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda rasmiy statistika maʼlumotlarining milliy va xorijiy foydalanuvchilar uchun ochiqligi va shaffofligini maksimal darajada taʼminlash, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish koʻrsatkichlari haqidagi maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasining tashkil etilishi rasmiy statistika sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda, rasmiy statistikani rivojlantirish masalalari boʻyicha milliy statistika tizimi doirasida faoliyatni muvofiqlashtirishda statistika organlarining mustaqilligi va vakolatlarini kengaytirishda muhim rol oʻynamoqda.
Shu bilan birga, rasmiy statistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining normalarini oʻzaro muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan statistika kengashining vakolatlari kengaytirilib, unga statistika ishlarini tashkil etish tizimini yaratishga koʻmaklashish hamda rasmiy statistikani tayyorlovchilarning sohaga oid faoliyatini muvofiqlashtirish vakolati berilmoqda.
Bundan tashqari, rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika maʼlumotlariga yoki statistika maʼlumotlarini tayyorlash faoliyatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari vakolatli davlat organi bilan kelishilishi shartligi belgilab qoʻyilmoqda.
Shuningdek, eʼlon qilingan rasmiy statistikada tafovutlar aniqlanganda, ularni tuzatish va tuzatilgan maʼlumotlarni jamoatchilikka eʼlon qilish ham Qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonun statistika sohasidagi maʼmuriy islohotlarni samarali amalga oshirish doirasida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirishga hamda rasmiy statistikadan foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladilar.

