“Neftchi” Fransiya Ligasi himoyachisini o‘z safiga qo‘shib oldi
Farg‘onaning “Neftchi” klubi Fransiyaning “Mes” jamoasida to‘p surgan Kot-d‘Ivuarlik himoyachi Koffi Kuao bilan shartnoma imzoladi.

“Neftchi” jamoasi Fransiya chempionatidan himoyachi transfer qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —
Farg‘onaning “Neftchi” futbol klubi Kot-d‘Ivuar terma jamoasi himoyachisi Koffi Kuao bilan shartnoma imzoladi. Futbolchi o‘tgan mavsumda Fransiyaning “Mes” klubida o‘ynagan va Liga 1 doirasidagi o‘yinlarda ishtirok etgan.
27 yoshli futbolchi o‘zining professional faoliyati davomida Fransiya va Portugaliya chempionatlarida 200 dan ortiq rasmiy o‘yinda maydonga tushgan. Uning asosiy o‘yin pozitsiyasi markaziy himoyachi hisoblanadi.
Kuao o‘z faoliyatini Portugaliyada boshlagan, u yerda «Vitoriya Gimaraynsh» va “Tondela” klublarida o‘ynagan. Keyinchalik u Fransiyaga ko‘chib o‘tib, “Mes” tarkibida Liga 1 va Liga 2 musobaqalarida ishtirok etgan.
Transfermarkt maʼlumotlariga ko‘ra, himoyachining transfer qiymati 2,5 million yevroni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Kuaoni hozirda O‘zbekiston chempionatida o‘ynayotgan futbolchilar orasida eng yuqori transfer qiymatiga ega o‘yinchiga aylantirdi.
Fransiya chempionatidan amalga oshirilgan ushbu transfer so‘nggi yillarda “Neftchi”ning eng muhim transferlaridan biri bo‘ldi. Bu transfer Koffi Kuaoni O‘zbekiston Superligasi tarixidagi eng qimmat futbolchilar qatoriga ham kiritdi.

