Namangan jamoat transporti uchun 12 ta avtobus olib kelindi
Namangan shahri jamoat transporti parki yana 12 ta Ankai rusumidagi avtobus bilan to‘ldirildi. Yangi avtobuslar shahar ichidagi yo‘nalishlarda brutto-shartnoma asosida harakatlanadi. Avvalroq prezident 1-sentabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus xarid qilish vazifasini qo‘ygandi.

Namangan jamoat transporti uchun 12 ta yangi avtobus keltirildi
Namangan shahridagi jamoat transporti parklari yana 12 ta zamonaviy avtobus bilan to‘ldirildi. Bu haqda Transport vazirligi ma'lum qildi.
Xabarga ko‘ra, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi “Malakali avtotrans servis” MCHJ tomonidan viloyatga 12 ta Ankai rusumidagi avtobus olib kelingan. Yangi avtobuslar shahar ichidagi yo‘nalishlarga brutto-shartnoma tizimi asosida biriktiriladi.
Transport vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu avtobuslar Namangan shahrida jamoat transporti xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun xavfsiz va qulay qatnovni ta’minlash hamda transport tizimi samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024−2025-yillarda viloyatga jami 96 ta avtobus keltirilgan. Jumladan, “Ekspress Dolina” MCHJ tomonidan 36 ta Yutong, “Turon-95 MBI” MCHJ tomonidan esa 60 ta Zhongtong rusumidagi avtobus xarid qilingan. Hozirda mazkur avtobuslar Namangan shahridagi 9 ta yo‘nalishda brutto-shartnoma asosida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Bundan avval, 2025-yil dekabr oyida Namanganga Xitoyning Zhongtong Bus kompaniyasida ishlab chiqarilgan 30 ta zamonaviy avtobus olib kelingandi.
23-iyun kuni viloyat situatsion markazida Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarning hisobotlarini tinglagan, o‘shanda Namangan shahri jamoat transportini rivojlantirish uchun 1-sentabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus, 1-iyulgacha esa qo‘shimcha 105 ta elektrobus xarid qilish topshirilgandi.
Ma'lumot uchun, Ankai rusumli avtobuslar Xitoyning Anhui Ankai Automobile Co., Ltd kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi.

