Layfstayl

Muhabbat vazni: smaylikmi yoki maktub?

O‘sha paytlar maktublar shunchaki qog‘oz emasdi. Ular oshiq qalblarning tirik guvohi edi. Har bir satrida

**Muhabbatning og‘irligi: Smaylikmi yoki maktub?**

Yigit telefonini olib, tavakkal qilib, sevgan qiziga yurakcha smayligini yubordi. Har bir soniya uning sabrini sinardi. Kutishdan toliqqach, so‘roq belgisini jo‘natdi. Biroz vaqt o‘tib, ichidagi bezovtalik va g‘azabni yashirolmay, jig‘ibiyron smaylikni ham yo‘lladi. Axir, buncha kutishga qanday chidash mumkin edi?

Ammo biz voyaga yetgan davrda muhabbatning o‘lchovi smayliklar emasdi. O‘sha paytlarda bitta xat yozish uchun bir kecha uyqudan kechilar, javobni kutish uchun esa kunlar, hatto haftalar sabr bilan o‘tardi. Bu 90-yillarning oxirgi nafasi edi. Qimmatchilik maktab hayotini ham chetlab o‘tmagandi. Biz o‘sha davr bolalari tejamkorlikning haqiqiy maktabini o‘taganmiz. Bittagina daftar ikki qismga bo‘linib, ikki xil fanning yukini ko‘tarardi. Nazorat ishi yoki insho payti esa haqiqiy sinov boshlanardi.

— Iltimos, bittagina varaq ber...

— Daftaring orasida ortiqchasi yo‘qmi?..

Bu iltijolar sinfning to‘rt tomonidan eshitilib turardi. Ammo inson qalbi qiziq yaratilgan. U eng og‘ir kunlarda ham go‘zallikka intiladi. Dars uchun varaq topolmagan o‘sha yigitlar sevgan qizlariga maktub yozishga kelganda qayerdandir oppoq, eng sifatli qog‘ozlarni topib kelishardi. Cho‘ntaklar qashshoq edi, ammo qalblar boy, tuyg‘ular esa beg‘ubor va samimiy edi.

Men esa qalbimdagi eng katta sirni ichimga yutib, maktabdoshim Noilaga maktub yozishga jur’at qilolmay to‘rt oy yurdim. Noila uzoq shahardan maktabimizga kelgan kuniyoq go‘yo butun maktabni sehrlab qo‘ygandek bo‘ldi. Birinchi kundanoq deyarli barcha yigitlar uning sohibjamol husniga mahliyo bo‘lishdi. Shundan keyin maktublar yozildi, ammo ularni qizga topshirishga hech kimning yuragi dov bermasdi.

O‘sha paytlarda sevgi izhor qilishning ham o‘ziga xos qoidalari bor edi. Kimdir xatini qizning sinfdoshi orqali yetkazar, boshqasi eng yaqin dugonasining ko‘nglini olishga harakat qilardi. Ba’zan bu maxfiy "operatsiya"ga qarindoshlar ham aralashib ketardi. Bu oddiy xat almashish emas, balki ikki qalb o‘rtasidagi nozik, shirin va beozor kurash edi.

Biz hali bir og‘iz ham gaplashmagan edik. Ammo sukut saqlagan joyda nigohlar so‘zlashardi. U ba’zan menga juda uzoq, erishib bo‘lmas bir olamdan qaragandek tuyulardi. Gohida esa ko‘zlarida yengil gina bilan aralash iliq tabassum ham jilva qilardi. Ana shu nigohlar menga jur’at bag‘ishladi. Nihoyat, unga maktub yozishga qaror qildim.

Endi rejani amalga oshirish kerak edi. Maktabda tushlik qilish uchun yig‘ib yurgan bor pulimni oldim-da, to‘g‘ri Mamaraim akaning do‘koniga yugurdim. U yerdan oppoq varaqli daftar, xatni bezash uchun turli rangli flomasterlar va eng muhimi, bir shisha xushbo‘y atir sotib oldim.

Axir o‘sha davrning yozilmagan qonunlari bor edi. Muhabbat maktubi shunchaki yozilmasdi. U chiroyli bezalishi, varaqlaridan esa xushbo‘y atirning nafis isi ufurib turishi shart edi.

Uyga qaytgach, umrimdagi eng mas’uliyatli ishga kirishdim. Avval sinfdoshim Ahrordan eng ta’sirli qo‘shiqlar yozilgan audiokassetani oldim. Magnitofondan taralayotgan mahzun kuylar xayollarimni romantik bir olamga yetakladi. Xona eshigini ichkaridan qulflab, go‘yo butun dunyodan uzildim.

Qog‘ozga ilk satrlarni tushirar ekanman, lug‘atimdagi eng nozik, eng go‘zal so‘zlarni izlar, qalbimdagi barcha tuyg‘ularni shu bir varaqqa joylashga harakat qilardim. Biroq bu oson emasdi. Men butun tunni o‘sha bir varaq qarshisida o‘tkazdim. Bir satrni yozib o‘chirardim, boshqasini boshlab yana yirtardim. Xonamning bir burchagida g‘ijimlangan yuzlab varaqlar yig‘ilib qoldi. Hislarimni so‘zlarga sig‘dirish juda mushkul edi. Nihoyat, tun pardasi chekinib, tong shabadasi xonamga kirib kelganida, charchoq va hayajondan titragan qo‘llarim bilan ko‘nglimdagi eng samimiy maktubni yozib tugatdim. Maktubga yengilgina atir sepdim. Endi uni egasiga yetkazish qolgandi. Shunda xayolimga sinfdoshim Xulkar keldi. Bu nozik ishni faqat u uddalay olardi. Lekin maktubni unga bersam, oylar davomida saqlab kelgan sirlarim ham oshkor bo‘lardi. Baribir unga ishondim. Xatni qo‘liga tutqazib, Noilaga albatta yetkazishini iltimos qildim. O‘sha lahzada mening butun dunyoyim Xulkarning qo‘lidagi xushbo‘y maktubga bog‘lanib qolgandi.

O‘sha kun vaqt ataylab to‘xtab qolgandek tuyuldi. Ertasi tongda hayajon bilan maktabga keldim. Ammo Xulkar darsga kelmagan ekan. Eng yomoni, Noilani ham ko‘rolmadim. Navbatdagi kun esa yakshanba... Sevgan inson uchun yakshanbaning naqadar uzun kun ekanini o‘shanda anglaganman. Dushanbagacha bo‘lgan ikki kun men uchun butun bir asrdek o‘tdi. Xayolan maktubimdagi har bir jumlani qayta o‘qir, "Bu so‘zni boshqacharoq yozsam bo‘larkan", deya o‘zimni o‘ylar edim. O‘sha paytlarda butun hayotimning ma’nosi bitta narsaga — Noiladan javob olishga aylanib qolgandi.

Butun dunyo go‘yo shu javobga bog‘lanib qolgan edi. Nihoyat, intizorlik bilan kutilgan dushanba ham yetib keldi. Men maktabga xuddi qanot bog‘lagandek uchib bordim. Ortimdan:

— Bolam, hech bo‘lmasa choyingni ichib ket! — deya chaqirgan onamning ovozi ham sekin eshitildi.

Maktab hovlisida Xulkarni poylay boshladim. U nihoyat ko‘rindi. Men uning yuzidan biror ishora izlardim. U yonimga keldi-da, qo‘limga kichik bir qog‘ozni tutqazdi.

— Ana, kutgan javobing. Lekin mendan katta qarzdorsan, — dedi kulib.

Men hech kimni ko‘rmay, maktabning eng xilvat burchagiga yugurdim. Qo‘llarim titrab, qog‘ozni ochdim. Mening butun tun yuragimni to‘kib yozgan dil izhorimga javoban u yerga atigi ikki so‘z bitilgan edi:

"O‘ylab ko‘raman".

Bugun eslab, men o‘sha ikki so‘z qarshisida hayot va baxt haqida uzoq o‘y surdim...

O‘sha paytlar maktublar shunchaki qog‘oz emasdi. Ular oshiq qalblarning tirik guvohi edi. Har bir satrida intizorlik, har bir harfida andisha, har bir nuqtasida hayajon yashardi. Ularda atir hidi ham bor edi, titragan qo‘llarning harorati ham. Bugun esa zamon sur’ati o‘sha sehrni bizdan tortib olgandek. Endi odamlar ekran ortidan sevishadi. Hissiyotlarini rangli piktogrammalar, smayliklar va qisqa xabarlar bilan ifodalashadi. Bu izhorlarda na atirning isi bor, na tun bo‘yi bedor qolgan qalbning iztirobi. Shunda ba’zan o‘ylab qolaman: muhabbatning qadr-qimmati ham uning qanday izhor qilinishiga bog‘liq emasmikan? Bir tun uyqudan kechib, yuzlab varaqlarni g‘ijimlab yozilgan xatning qadri boshqa edi, bugungi bir lahzalik "xabarlar"ning bahosi boshqa. Muhabbat o‘z izhori qadar arzonlashib borayotgandek go‘yo...

technologyuzbek cultureromancelove letterss nostalgiadigital communicationemotionsrelationships