Misrda salkam 6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi (video)

Misrda qariyb 6 magnitudali zilzila qayd etildi (video)
Misrda 5,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, uning silkinishlari Yaqin Sharqning bir qancha mamlakatlari aholisi tomonidan ham sezildi. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Misr Milliy astronomiya va geofizika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila 3-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:00 da ro‘y bergan. Yerosti silkinishlarining epitsentri Suvaysh shahridan 38 kilometr shimolda joylashgan. Hozircha qurbonlar, jabrlanganlar va jiddiy talafotlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Silkinishlar Isroil, G‘azo sektori, Iordaniya va Livan aholisiga ham sezilgan.
Zilziladan so‘ng Misr Qizil Yarim Oy jamiyati talafot ko‘rgan viloyatlarda shoshilinch choralar rejasini faollashtirdi. Aholidan konstruktiv shikastlanish ehtimoli bo‘lgan binolarga kirmaslik va rasmiy axborotlarni kuzatib borish so‘raldi.
Shu bilan birga, Germaniya Yer tadqiqotlari markazi zilzila magnitudasini 5,4 ga baholadi. Uning o‘chog‘i taxminan 10 kilometr chuqurlikda bo‘lgan. Suvaysh shahri Misrning shimoli-sharqida, Suvaysh kanalining janubiy kirish qismiga yaqin joyda joylashgan. Unda 700 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Yaponiyada 28-iyul kuni 7,1 magnitudali kuchli zilzila yuz bergandi. Tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlar soni 38 kishiga yetgan. Bundan oldingi kuchli zilzila esa Venesuelada kuzatilgandi. 24-iyun kuni mamlakatda ketma-ket sodir bo‘lgan ikkita zilzila oqibatida 5200 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Zilzila magnitudalari 7 balldan yuqori bo‘lgan.

