“Meni qoniqtirmayapti” — Tramp neft kompaniyalari ko‘p pul topganidan nolidi

**"Meni qoniqtirmayapti" – Tramp neft kompaniyalarining haddan tashqari daromadidan noroziligini bildirdi**
AQSH prezidenti Donald Tramp neft kompaniyalarini "haddan ortiq ko‘p pul topayotgani" uchun tanqid qildi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Prezidentning e'tirozlari Chevron va ExxonMobil kabi yirik neft kompaniyalariga qaratilgan.
Oval kabinetda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp shunday dedi: "Agar bir yil oldingiga nisbatan 12 barobar ko‘p daromad qilgan kompaniyani olsak, u mablag‘larning bir qismini odamlarga qaytarishi kerak. Iste'molchilar uchun narxni pasaytirgan ma'qul."
Oq uy rahbari o‘zini "erkin tadbirkorlikning katta tarafdori" deb atagan bo‘lsa-da, Eron bilan urush tufayli yonilg‘i narxi oshganidan neft kompaniyalari foyda olayotganini qoraladi.
"Buni aytayotganimga hayron bo‘ldingizmi? Ochiq aytaman, bu meni qoniqtirmayapti," dedi u.
Prezident Eron bilan urush tugagach, narxlar pasayishiga ishonch bildirdi. AQSHning eng yirik neft kompaniyalari – Exxon va Chevron ikkinchi chorak uchun o‘ta yuqori foyda haqida hisobot berdi. Jumladan, Chevron foydasi deyarli 400 foizga oshib, 12 milliard dollarga yetdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollarni tashkil etgandi. Exxon foydasi bir yil oldingi 7,1 milliard dollarga nisbatan ikki barobardan ko‘proq oshib, 14,5 milliard dollarga yetdi.
May oyi oxirida neft narxi bir barrel uchun 100 dollar atrofida bo‘lgan bir paytda, mamlakatda benzinning o‘rtacha narxi bir gallon uchun 4,55 dollarni tashkil etdi.
Chevron rahbari Mayk Virt urush energiya bozorlarini "mo‘rt va noaniq" qilib qo‘yganini aytdi. Shu bilan birga, u AQSH oldinga qadam tashlagani va yechimning bir qismiga aylangani tufayli neft sanoati yaxshi uddalaganini ta'kidladi.
Shundan so‘ng Tramp Chevron rahbarini keskin tanqid qilib, kompaniya uni "haydab chiqarishgan" Venesuelaga qaytganini va endi u ilgari har qachongidan ham yirikroq hamda kuchliroq bo‘lib, katta boylik orttirishni ko‘zlayotganini aytdi.
Ma'lumot o‘rnida, AQSH prezidenti 2-avgust kuni Eron va Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarning iltimosiga ko‘ra, yangi harbiy zarbalarni vaqtincha to‘xtatdi. U tomonlar o‘rtasida asosiy masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytdi. Eron bilan bo‘lajak kelishuv Hormuz bo‘g‘ozini zudlik bilan to‘liq ochish va Tehronning yadro tahdidiga barham berishni o‘z ichiga oladi.
Hormuz bo‘g‘ozining global neft va suyultirilgan tabiiy gaz savdosidagi geostrategik ahamiyati shundaki, neft, kondensat hamda neft mahsulotlarining taxminan 15–20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning 30 foizdan ortig‘i aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Bo‘g‘oz orqali tashiladigan neft hajmining 82 foizi Osiyo mamlakatlari hissasiga, qolgan qismi esa Yevropaga to‘g‘ri keladi.

