MB bank omonatlariga soliq joriy etilishi bo‘yicha taklifga munosabat bildirdi

Markaziy bank omonatlarga soliq joriy etish bo‘yicha taklifga izoh berdi.
Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga soliq joriy etilishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Regulyatorning ma’lum qilishicha, muhokamalarga sabab bo‘lgan tashabbus Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilgan. Markaziy bank qayd etishicha, ilmiy-tadqiqot muassasalari xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni o‘rganish asosida turli takliflarni ishlab chiqishi tabiiy hisoblanadi.
Shuningdek, Markaziy bank ushbu fikr ilmiy tadqiqot natijalari taqdimoti davomida bildirilganini, u rasmiy taklif sifatida kiritilmaganini ta’kidladi.
Regulyatorga ko‘ra, bunday tashabbuslar ko‘rib chiqilganda ularning moliyaviy resurslar qiymati, banklarning resurs bazasi hamda moliyaviy barqarorlikka ta’siri kompleks baholanadi.
Eslatib o‘tamiz, 30-iyul kuni Fiskal tahlillar instituti soliq siyosatiga bag‘ishlangan muloqotda O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlarini 5 foizlik dividend solig‘i stavkasida soliqqa tortish taklifini ilgari surgandi. Institut vakillari bunga sabab sifatida mamlakatda passiv daromadlarning deyarli barchasi soliqqa tortilishi, biroq bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlari bundan mustasno ekanini keltirgan.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatida jismoniy shaxslarning banklardagi omonatlari hajmi 170 trln so‘mni tashkil etgan. O‘rtacha 16 foizlik foiz stavkasi va 5 foizlik soliq qo‘llanilganda davlat budjetiga yiliga 1,4 trln so‘m atrofida qo‘shimcha daromad tushishi mumkinligi aytilgan edi. O‘shanda ham bu institutning ilmiy taklifi bo‘lib, uni qabul qilish yoki rad etish vakolatli davlat organlari qaroriga bog‘liqligi ta’kidlangan.

