Maxachev yengilmas jangchiga raqib taklif qildi

Maxachev mag‘lubiyatsiz jangchiga raqib taklif qildi
UFC yarim o‘rta vazn (77 kg) chempioni Islom Maxachev tashkilotning mag‘lubiyatsiz jangchisi Maykl Morales hozircha chempionlik jangi uchun umid qilmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, yarim o‘rta vazn toifasida da’vogarlar juda ko‘p.
“U jang qilishi kerak, birodar. Oxirgi marta qachon oktagonga chiqqandi? Chempionlik jangini kutyaptimi? Bu vaznda da’vogarlar juda ko‘p. Menimcha, u Karlos Prates yoki ehtimol Shavkat Rahmonov bilan jang qilishi kerak. Rahmonov qachon qaytishini bilmayman. Da’vogarlar ko‘p, kim haqiqatan ham birinchi raqam ekanini aniqlash kerak. Nega endi yo‘q? ‘Nutella torti’ (Prates) ham ajoyib raqib bo‘ladi. U tomoshabop jangchi va bu jang juda qiziqarli kechadi”, dedi Maxachev MMA Junkie nashriga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, Morales MMA’dagi faoliyati davomida 19 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan.
Shuningdek, Belgradda bo‘lib o‘tgan UFC Fight Night 283 turniridan so‘ng UFC jangchilar reytingini yangiladi.
Vazn toifalaridan qat’i nazar tuziladigan UFC’ning umumiy reytingida Islom Maxachev yetakchilikni saqlab qoldi. Ikkinchi o‘rinda yarim yengil vazn chempioni avstraliyalik Aleksandr Volkanovski, uchinchi pog‘onada esa eng yengil vazn chempioni rossiyalik Pyotr Yan qayd etilgan.
UFC rasmiy reytingi OAV vakillarining ovoz berishi asosida shakllantiriladi. Shu bilan birga, tashkilot 2026-yildan jang natijalari va statistik ko‘rsatkichlarini hisobga oluvchi Meta UFC Rankings tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishni boshlagan.

