UFC sobiq chempioni Maxachev va Garri o‘rtasidagi jangga taxmin bildirdi

UFC sobiq chempioni Daniel Kormye Islom Maxachev va Ian Machado Garri o‘rtasidagi chempionlik jangi borasida o‘z taxminlarini bildirdi. Uning fikricha, jang taqdiri birinchi raunddayoq hal bo‘lishi mumkin.
Kormyening ta’kidlashicha, bu jang har ikki sportchi uchun ham oson kechmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Garri tik turib jang qilishda o‘z mahoratini ko‘rsata olsa, Maxachev uchun uzoq davom etadigan bellashuvga aylanishi mumkin. Biroq, agar Maxachev ilk raundlardanoq teykdaun amalga oshirsa, ustunlik asta-sekin uning tomoniga o‘tadi. Kormye Garrini ushbu vazn toifasi uchun yirik jangchi deb ta’riflab, uning bo‘yi balandligi, chaqqonligi va 25 daqiqa davomida yuqori tempni ushlab tura olish qobiliyatini Maxachev uchun muayyan muammolar tug‘dirishi mumkinligini qayd etdi. Eng muhimi, Garri raqibi qarshisida bir joyda turib qolmaydi, deya qo‘shimcha qildi Kormye.
Maxachev va Garri o‘rtasidagi chempionlik jangi 16-avgust kuni AQSHning Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tadigan UFC 330 turnirining asosiy bahsi bo‘ladi.
Hozirda Islom Maxachev UFC'da ketma-ket 16 ta g‘alabali seriyani davom ettirmoqda. Uning professional faoliyatidagi rekordi 28 g‘alaba va 1 mag‘lubiyatni tashkil etadi. Rossiyalik jangchi so‘nggi bor Nyu-Yorkda o‘tkazilgan UFC 322 turnirida avstraliyalik sobiq chempion Jek Della Maddalenani hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etib, yarim o‘rta vazn toifasi chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan va UFC tarixida ikki vazn toifasida chempion bo‘lgan jangchilar qatoridan joy olgan edi.
Ian Machado Garri esa so‘nggi jangini 2025-yilning 22-noyabr kuni Qatarda tashkil etilgan UFC Fight Night turnirida falastinlik Bilol Muhammadga qarshi o‘tkazib, hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozongan. 28 yoshli irlandiyalikning professional rekordi 17 g‘alaba (shundan 8 tasi muddatidan avval) va 1 mag‘lubiyatdan iborat.

