Marokashdagi eng uzun magistralga Donald Tramp nomi berildi

Marokash qiroli Muhammad VI mamlakatdagi eng uzun avtomobil yo‘liga AQSH prezidenti Donald Tramp nomini berdi. Bu haqda Marokashning MAP davlat axborot agentligi xabar berdi.
Tiznit–Dahla avtomobil yo‘li endilikda "Donald J. Tramp shossesi" deb nomlanadi. Qirolning AQSH prezidentiga yo‘llagan maktubida aytilishicha, bu qaror "do‘stlik va tinchlikka hurmat ramzi, shuningdek, yuksak ehtirom ifodasi"dir. Uzunligi 1055 kilometrdan ortiq bo‘lgan ushbu yo‘l butun Afrikadagi eng uzun avtomobil yo‘li hisoblanadi.
Muhammad VI Marokash va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar uzoq vaqtdan beri do‘stlikka asoslangan bo‘lsa-da, "hech qachon Trampning ikki prezidentlik muddati davridagidek mustahkam va samarali bo‘lmaganini" ta’kidladi.
Qirolning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning 2020-yilda Marokashning G‘arbiy Sahroyi Kabir ustidan suverenitetini tan olishi "marokashliklar xotirasida abadiy qoladi" va bu ikki tomonlama munosabatlarga "misli ko‘rilmagan turtki" bergan. Tramp javob tariqasida Marokash qiroliga minnatdorlik bildirdi.
31-iyul kuni Marokash tomonidan o‘n minglab muhojirlar Ispaniyaning Afrikaning shimolidagi Seuta avtonom shahriga bostirib kirishi Yevropa Ittifoqi ichida keng ko‘lamli inqiroz va mojaro keltirib chiqardi. Tramp va uning ma’muriyati Seutdagi migratsiya inqirozini Yevropa hukumati siyosati bilan bog‘ladi. AQSH prezidenti, agar uch yildan so‘ng demokratlar yana saylovda g‘alaba qozonsa, Qo‘shma Shtatlar ham xuddi shunday vaziyatga tushib qolishi mumkinligini aytdi.
Tiznit–Dahla yo‘li Marokashning Atlantika okeani sohili bo‘ylab o‘tib, mamlakat shimoli va janubiy viloyatlarini bog‘laydi. Magistral Gulimim va Al-Ayun shaharlari orqali o‘tadi. U Marokashning asosiy infratuzilma loyihasi hisoblanib, yo‘lovchi hamda yuk tashish vaqtini qisqartiradi. Shuningdek, magistral Yevropa hamda G‘arbiy Afrika o‘rtasidagi transport yo‘lagining bir qismi sanaladi.

