“Marmar go‘sht”, Hyundai Palisade va “Piramit Tower”dagi uylar. Migratsiya agentligining «ichki oshxonasi»da nima gaplar?
“Koreya ishi” figuranti sifatida xalqaro qidiruvga berilgan Aziz Toshtemirov Migratsiya agentligining amaldagi rahbari Behzod Musayevga nisbatan jiddiy da’volarni ilgari suryapti. U yuqori lavozimli amaldorlarni qimmatbaho buyumlar talab qilish, imtihonlarni soxtalashtirish hamda davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblayapti.

"Marmar go‘sht", Hyundai Palisade va "Piramit Tower"dagi uylar. Migratsiya agentligining "ichki oshxonasi"da nima gaplar?
O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi tizimida keng ko‘lamli tergov boshlangani ma’lum qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Koreyaga ketishni istagan har bir nomzoddan qonuniy to‘lovlardan tashqari 7-12 ming dollar miqdorida pul olingan va qariyb 90 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Ko‘p o‘tmay, Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasi sobiq rahbari Aziz Toshtemirov firibgarlikda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgani aniqlandi.
Joriy yilning 11-iyunidan boshlab, Toshtemirov "Koreya 24 soat" Telegram kanali orqali Migratsiya agentligining sobiq va amaldagi rahbarlariga nisbatan "kompramat"larni e’lon qila boshladi. Bu kanal Koreyaga oid kundalik yangiliklar va "EPS Topik"ga oid xabarlarni yoritib boradi. E’lon qilingan materiallar orasida qimmatbaho buyumlar talab qilish, imtihonlarni soxtalashtirish, firibgarlik va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga urinishga doir jiddiy ayblovlar, o‘zaro yozishmalar, audioyozuvlar, qator rasmiy hujjatlar va xatlar mavjud.
**Behzod Musayevga nisbatan ayblovlar**
Aziz Toshtemirovning asosiy nishoni Migratsiya agentligining amaldagi rahbari Behzod Musayev bo‘ldi. Unga aloqador postlarda asosiy e’tibor o‘zaro yozishmalar va qimmatbaho buyurtmalarga qaratildi.
Toshtemirovning iddao qilishicha, agentlikning amaldagi rahbari undan muntazam ravishda premium toifadagi "marmar go‘sht", qimmat kosmetika mahsulotlari, tish pastalari hamda brend tovarlar yuborishni talab qilib kelgan. U bu topshiriqlar aks etgan qator skrinshotlarni e’lon qildi.
Mojaroning yana bir shov-shuvli qismi Hyundai Palisade avtomobili bilan bog‘liq iddaolardir. Toshtemirovning yozishicha, Musayev unga Koreyadan ichiga maxsus divan o‘rnatilgan qimmatbaho Hyundai Palisade avtomobilini sotib olishni buyurgan.
"Talablar borgan sari oshib bordi. Bir kuni Musayev mashinada o‘tirsa beli og‘rib qolayotganini aytib, Koreyadan maxsus yotib ketishga mo‘ljallangan divanga ega Hyundai Palisade mashinasini yuborishimni buyurdi. Mashinani izladik, topdik, ammo to‘lovga kelganda «o‘zing amalla» degan javobni oldim. Xullas, bitta yangi Hyundai Palisade avtomashinasini sotib olish, uni Koreyada ichlarini tyuning qilib, yotib ketishi uchun maxsus divan o‘rnatish va "rastamojka" xarajatlari bilan taxminan 150 ming dollar bo‘lar ekan. Menda buncha pul yo‘qligini aytganimda, vakolatxona uchun mablag‘ so‘rab rasmiy xat yozishimni buyurdi. "Byudjetda 150 ming dollar pul bor, senga yuboraman, yechib olib, mashinani menga yuborasan", deya aytdi. Oxiri pichoq borib suyakka taqaldi. Prezident Administratsiyasiga doklad qilishga majbur bo‘ldim", deya yozgan Toshtemirov o‘zining Telegram kanalida.
**"Bu Administratsiyaning topshirig‘i"**
Toshtemirovning so‘zlariga ko‘ra, Behzod Musayev unga ko‘plab fuqarolarni EPS testlaridan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Uning ta’kidlashicha, Musayevga "yo‘q" deb bo‘lmasdi, shu sababli u tashqi tomondan topshiriqlarni bajarishga rozilik bildirib, amalda esa ularga qarshilik qilishga harakat qilgan.
"Ko‘p o‘tmay Musayev aloqaga chiqib, "topshiriq Administratsiyadan kelyapti, nimaga qarshilik qilyapsan? Bajarmasang, na Koreyaga keta olasan, na O‘zbekistonda qolasan", deb tazyiq o‘tkazar edi", - deb yozadi Toshtemirov. U bunga dalil sifatida audioxabarni ilova qilgan.
Ovoz Behzod Musayevga tegishli yoki yo‘qligi noma’lum.
**Migratsiya agentligi nima deydi?**
Muhokamalar markazida qolgan Migratsiya agentligi Aziz Toshtemirov tomonidan tizim rahbariyati va xodimlariga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlarni asossiz deya baholadi.
Agentlikka ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruvlar yakunlari bo‘yicha barcha holatlarga huquqiy baho beriladi.
Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, sha’n va qadr-qimmatga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni e’lon qilish hamda jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan harakatlar bo‘yicha qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.
**Shaxsiy xizmatchilarga byudjetdan to‘lovlar**
Yana bitta jiddiy ayblov Migratsiya agentligida amalda ishlamagan xodimlar uchun oylik to‘lab kelingani bilan bog‘liq. Toshtemirovga ko‘ra, Behzod Musayev rahbar bo‘lib kelgach, Ataxanov Nabi Agzamovich va Djabarov Baxrom Saidaxmedovich 2024-yilning noyabr oyida Migratsiya agentligiga haydovchi sifatida ishga qabul qilingan. Ushbu xodimlardan biriga mart oyida 44,4 million so‘m, ikkinchisiga esa 46,5 million so‘m ish haqi hisoblangani keltiriladi.
Toshtemirov ushbu ma’lumotlarni yozganidan ko‘p o‘tmay, Bosh prokuratura huzuridagi Departament Migratsiya agentligida 1 milliard so‘mdan ortiq talon-torojliklar fosh etilganini ma’lum qildi.
Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda Migratsiya agentligining mas’ul shaxslari agentlik xodimlari B.D. va N.A.ning amalda ishlamagan davri uchun 931,6 million so‘mni ish haqi sifatida to‘lab berib, byudjet mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganini aniqlagan. Bundan tashqari, intizomiy jazo chorasi qo‘llangan va jazo amal qilgan davrda Mehnat kodeksining talablariga zid ravishda 8 nafar xodimga 88,5 million so‘m to‘lab berilgan.
Ayni keys yuzasidan hozircha Migratsiya agentligi rasmiy izoh bermadi.
**Toshtemirovning boyliklari**
Behzod Musayev va uning rahbarligidagi tashkilotga nisbatan Aziz Toshtemirov ilgari surib kelayotgan ayblovlarga shu hafta agentlik o‘z rasmiy saytida munosabat e’lon qildi.
Unda Toshtemirov agentlikda ishlagan davrida qarindoshlarining nomiga umumiy qiymati 1,5 million dollarlik 7 ta ko‘chmas mulk sotib olgani aytilgan va u davlat xizmatchisi sifatida buncha pulni qayerdan olgani so‘roq ostiga olingan.
Aziz Toshtemirov 2020–2025-yillarda Migratsiya agentligi tizimida turli lavozimlarda mehnat faoliyatini olib borgan va bu davrda uning oylik ish haqi, jami 1 milliard 833 million so‘m (yoki 153 ming AQSh dollari)ni tashkil qilgan. Korrupsiyaga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan tekshiruvlarda Toshtemirovning qonuniy daromadlari hamda ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zi va yaqinlari nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulklar qiymati o‘rtasida sezilarli tafovut mavjudligi aniqlangan.
"2023-2025 yillar davomida Aziz Toshtemirov o‘zi va yaqin qarindoshlari nomiga kamida 7 ta yirik ko‘chmas mulk ob’yektini xarid qilgan. Masalan, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi eng qimmat ob’yektlardan biri bo‘lgan "Piramit Tower" turar joy majmuasidan 2025-yilda bir emas, 2 ta, bittasi 110 m² va ikkinchisi 50 m² bo‘lgan xonadonlar sotib olingan. Shuningdek, 2024-yilda yer maydoni 1200 m² bo‘lgan Andijon viloyatining Ulug‘nor tumani, Obod mahallasidagi hovli-joy, qolaversa, 2023-yilning o‘zida birgina Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 4 ta kvartirani rasmiylashtirgan. Yuqorida sanab o‘tilgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining umumiy qiymati kamida 1 million 500 ming AQSh dollari (yoki 19 milliard so‘m)ni tashkil etadi", deyiladi agentlik bayonotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2022–2025-yillar davomida Koreyaga ishga yuborish jarayonlaridagi ehtimoliy qonunbuzilishlar va noxolisliklar yuzasidan Migratsiya agentligiga mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning ma’lum qismida bevosita Aziz Toshtemirov faoliyatiga oid holatlar bayon etilgan.
Bunga javoban, Toshtemirov agentlik matbuot kotibiga bir oyda 126 million so‘mgacha, bosh buxgalter va kadrlar bo‘limi boshlig‘iga esa 100 million so‘mgacha oylik to‘langani haqidagi iddaolar bilan chiqish qildi.
Eslatib o‘tamiz, Aziz Toshtemirov ismi Kun.uz’ning 2023-yilgi surishtiruvlaridan birida tilga olingan edi. Videotasvirlarda ko‘rinishicha, u Koreyaga ishlash uchun borish istagidagi o‘zbekistonliklarni saralab olish jarayonida o‘z tanishlarini boshqalarning o‘rniga imtihonga kiritgan bo‘lishi mumkin.
**"Koreya ishi" bo‘yicha sud**
29-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishga yuborishni tashkil etishdagi ehtimoliy qonunbuzilishlar bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi. Ish bo‘yicha 4 nafar sobiq davlat amaldorlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi "a" va "b" bandlari (pora olish), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), shuningdek, 301-moddasi 1-qismi (hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bilan sudlanmoqda.

