Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
Markaziy bank huzurida islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Islomiy moliya kengashi tashkil etilganligi haqida regulyatorning axborot xizmati ma'lum qildi.
Kengash islomiy bank xizmatlarini taqdim etuvchi banklar, mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi va Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ sifatida faoliyat yuritadi.
Kengash tarkibi 5 nafar islom huquqi bo‘yicha mutaxassis va texnik ekspertlardan iborat. Rais sifatida Saidjamol Masayitov, rais o‘rinbosari sifatida esa Muhammadayubxon Homidov tayinlangan. Kengash a'zolari orasida Hikmatilla Toshtemirov, Abdullatif Tursunov va texnik ekspert Axrorjon Sadullayev ham mavjud.
Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitlarni hisobga olgan holda ishlab chiqadi. Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xulosa va tavsiyalar taqdim etadi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya bo‘yicha tavsiyalar beradi, ular bilan maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi va AAOIFI yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashib, xalqaro standartlar loyihalari bo‘yicha taklif va mulohazalar bildiradi. Kengash har yili Markaziy bank boshqaruviga o‘z faoliyati bo‘yicha yillik hisobot taqdim etadi.
Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi. Unda sohada tizimli boshqaruvni yo‘lga qo‘yish maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etilishi haqida ma'lumot berilgan.
Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuzilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular standartlar ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va muvofiqlik nazoratini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

