“Manchester Siti” Rodri o‘rniga “Liverpul” futbolchisini sotib olishi mumkin

“Manchester Siti” Rodri ketgan taqdirda uning o‘rniga “Liverpul”dan futbolchi sotib olishi mumkin.
Angliyaning “Manchester Siti” klubi yozgi transferlar davrida yarimhimoyachi Rodri jamoani tark etsa, uning o‘rniga “Liverpul” futbolchisi Aleksis Makallisterni olib kelishni ko‘zlamoqda.
Jurnalist Mett Tilenning xabar berishicha, “Manchester Siti” vakillari 27 yoshli Makallisterning agentlari bilan uning ehtimoliy transferi bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun bog‘langan. Makallister jamoani tark etishi kutilayotgan Rodri o‘rnini egallash uchun asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi.
TEAMtalk insayderi Grem Beylining ma’lumotiga ko‘ra, Rodri “Real”ga emas, balki “Barselona”ga o‘tishni afzal ko‘rmoqda. Ispaniyalik futbolchi shu sababli Madrid klubi bilan muzokaralarni to‘xtatgan. 30 yoshli futbolchining “Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning yozida tugaydi va hozircha u shartnomani uzaytirish niyatida emas.
Ma’lumot uchun, Aleksis Makallister 2023-yildan buyon “Liverpul”da o‘ynab keladi. U mersisaydliklar safida Angliya Premyer Ligasi va Liga Kubogini qo‘lga kiritgan. Hozirda u Premyer Liganing eng yaxshi yarimhimoyachilaridan biri sanaladi.

