Sport

“Barselona” Rodri uchun “Real Madrid” bilan kurashadi

“Barselona” Rodri uchun “Real Madrid” bilan raqobatlashadi

Ispaniyaning “Barselona” futbol klubi Angliyaning “Manchester Siti” jamoasi yarim himoyachisi, “Oltin to‘p” sohibi Rodri transferini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.

Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, Rodri “Barselona”ning o‘yin uslubi va jamoaga tez moslasha olishi unga ma’qul kelmoqda. Buning sababi, kataloniyaliklar safida uning Ispaniya terma jamoasidagi sakkiz nafar jamoadoshi – Joan Garsiya, Erik Garsiya, Pau Kubarsi, Pedri, Gavi, Dani Olmo, Lamin Yamal va Ferran Torres to‘p surmoqda.

Qayd etilishicha, “Barselona” allaqachon Rodrining vakillari bilan ehtimoliy transfer shartlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazgan. Shuningdek, yarim himoyachiga Madridning “Real” klubi ham qiziqish bildirmoqda.

Rodrining “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2026/27-yilgi mavsum yakuniga qadar amal qiladi. Manbaga ko‘ra, Angliya klubi yarim himoyachi bilan shartnomani uzaytirishga katta qiziqish bildirmayapti.

30 yoshli Rodri 2019-yildan buyon “Manchester Siti” safida to‘p surib kelmoqda. Avvalroq u Ispaniyaning “Atletiko” va “Vilyarreal” klublarida ham faoliyat olib borgan.

U “Manchester Siti” bilan to‘rt karra Angliya chempioni, uch karra Angliya Liga Kubogi sohibi, ikki karra Angliya Kubogi va UEFA Superkubogi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, bir martadan UEFA Chempionlar Ligasi, Angliya Superkubogi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida zafar quchgan.

Ispaniya terma jamoasi safida esa Rodri 2026-yilgi Jahon chempionati, 2024-yilgi Yevropa chempionati va 2023-yilgi UEFA Millatlar ligasida g‘olib chiqqan. U 2024-yilda dunyoning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan “Oltin to‘p” mukofotini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 2026-yilgi jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topilib, turnirning “Oltin to‘p” sovriniga sazovor bo‘lgan.

real madridfootball transferpremier leaguebarcelonamanchester cityrodrila ligagolden ball