Dunyo

Malayziyada 14 yoshli bola 40 yilga qamalishi mumkin

Malayziyada 14 yoshli o‘smir maktabdosh qizni bir necha bor pichoqlab o‘ldirganlikda ayblanmoqda. Agar u aybdor deb topilsa, 30 yildan 40 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi va qamchilanishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.

Jinoyat 2025-yil oktyabr oyida Kuala Lumpur chekkasidagi maktabda sodir bo‘lgan. 16 yoshli Yap Shing Xuen maktab hojatxonasida bir nechta pichoq jarohatlari bilan o‘lik holda topilgan. O‘sha paytda 14 yosh bo‘lgan gumonlanuvchi o‘smir aybini tan olmagan. Agar u aybdor deb topilsa, 40 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Voqeadan so‘ng politsiya ijtimoiy tarmoqlar o‘smirning xatti-harakatiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Huquq-tartibot idoralari uni hibsga olganida yonidan xat topilgan. Xatning taxminiy mazmuni ijtimoiy tarmoqlarning ushbu jinoyatdagi ehtimoliy roli haqidagi muhokamalarni yanada kuchaytirdi.

Malayziya qonunchiligiga ko‘ra, gumonlanuvchi voyaga yetmagani sababli uning shaxsini oshkor qilish taqiqlanadi. Shuningdek, u o‘smir bo‘lgani uchun o‘lim jazosiga hukm etilishi mumkin emas. Mamlakatda jinoiy javobgarlik yoshi 10 yoshdan boshlanadi.

2025-yilda bosh vazir Anvar Ibrohimdan ushbu hodisa va maktablarda kuzatilayotgan zo‘ravonlik holatlari haqida so‘ralgandi. U deyarli barcha muammolar mobil telefonlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan bog‘liq ekanini aytgan. Shuningdek, bunday holatlarning oldini olish uchun yanada qat’iy choralar ko‘rishga va’da bergan.

Shundan so‘ng rasmiylar bolalarni himoya qilish va ularning zararli onlayn kontent ta’siriga tushishini cheklashga qaratilgan yangi qoidalarni joriy etdi. Iyun oyidan boshlab Malayziyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish taqiqlandi.

murdermalaysiachild protectionsocial mediajuvenile crimeyouth violencelegal ageschool violence