Mahalliy

Bolani 1-sinfga qabul qilish rad etilishi mumkinmi? Eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar

Bolani 1-sinfga qabul qilish rad etilishi mumkinmi? Eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar

O‘zbekistonda 2026/27-o‘quv yili uchun 1-sinfga onlayn qabul jarayonlari 20-iyuldan boshlandi. Arizalar onlayn tarzda topshiriladi. Mikrohudud doirasida hujjatlar qabuli 31-iyulgacha davom etadi. Quyida bolani maktabga joylashtirishda eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar keltirilmoqda.

**1. Bolalarni 1-sinfga qabul qilish uchun elektron arizalar qanday yuboriladi?**

Elektron arizalarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining my.maktab.uz elektron platformasi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali yuborish mumkin.

Agar elektron qabul jarayonlari yuzasidan savollar bo‘lsa, call-markazning 71-203-07-04, 71-203-04-03 raqamlari yoki Telegram’dagi @mymaktabuz_bot boti orqali javob olish mumkin.

**2. Bola necha yoshdan 1-sinfga qabul qilinadi?**

1-sinfga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2019-yilning 31-dekabrigacha tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.

**3. Onlayn hujjat topshirish tartibi qanday?**

Ariza berilayotganda bola o‘qiydigan taʼlim tili tanlanadi. Agar tanlangan maktabda bola o‘qishni istagan til bo‘yicha sinf bo‘lmasa, bola yaqinroq hududda joylashgan boshqa maktabga biriktiriladi.

**4. Ariza qanday holatlarda rad qilinadi?**

Ariza 3 kunda ko‘rib chiqiladi. Arizaga noto‘g‘ri maʼlumotlar kiritilgan bo‘lsa (masalan, yashash joyi, bolaning yoshi), ariza rad qilinadi. Arizani rad qilishda undagi kamchiliklar ko‘rsatilib, ariza beruvchiga xabar qilinadi. Ariza beruvchi mazkur kamchiliklarni bartaraf qilib qayta ariza yuboradi.

**5. Ariza qabul qilingandan keyin nima qilish kerak?**

Onlayn ariza qabul qilingach, elektron portal orqali bolani maktabga olib borish bo‘yicha elektron navbat beriladi.

Ota-onalar yoki boshqa mas’ul shaxslar elektron navbatda ko‘rsatilgan muddatda bola bilan maktabga boradi, bunda bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy maʼlumotnoma ham olib borish kerak.

Maktabda 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha 5 kishidan iborat qabul komissiyasi tuziladi va ular bolani 1-sinfga qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni rasmiylashtiradi.

**6. Onlayn ariza bermaydigan hududlarda qabul qanday bo‘ladi?**

Onlayn hujjat topshirmaydigan hududlarda har bir bola maktab tomonidan ro‘yxatga olinadi.

Ularning hujjatlari ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan maktabga borib topshiriladi.

Bunda quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

* direktor nomiga ariza;

* bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy maʼlumotnoma;

* bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati.

**7. Bolalar imtihon topshiradimi?**

Umumiy qoidaga ko‘ra, bolalar 1-sinfga tayyorgarlik darajasidan qatʼiy nazar, tanlovsiz qabul qilinadi. Ayrim istisnolar mavjud, masalan, musiqa va sanʼatga ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilishda bolaning qobiliyati sinovdan o‘tkaziladi.

**8. O‘qish boshqa tilda olib boriladigan tillar bo‘yicha suhbat o‘tkaziladimi?**

Ha, o‘qish boshqa tilda (rus, ingliz) bo‘ladigan maktablarda bola bilan suhbat jarayonida bolaning tanlagan tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega ekani o‘rganiladi.

Bola tanlagan tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa, qabul komissiyasi bolani so‘zlashuv ko‘nikmasiga mos sinfga yoki boshqa maktabga joylashtirish chorasini ko‘radi.

Bolaning boshqa tildagi ko‘nikmasini o‘rganish bo‘yicha savolnoma Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rasmiy veb saytida eʼlon qilinishi va har yili 20-iyungacha maktab binosiga osib qo‘yilishi shart.

**9. Bolani maktabga qabul qilish rad etilishi mumkinmi?**

Ha, mumkin, qabul komissiyasi quyidagi holatlarda bolalarni maktabga qabul qilishni rad etishi mumkin:

* tibbiy maʼlumotnomada maktabda o‘qish tavsiya etilmagan bo‘lsa;

* tanlagan tilda bola boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa;

* berilgan maʼlumotlar noto‘g‘riligi aniqlansa.

Boshqa holatlarda bolalarni maktabga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Kamchiliklar bartaraf qilinib, qayta hujjat topshirish mumkin.

**10. Bolani biriktirilgan maktabdan boshqa maktabga joylashtirish mumkinmi?**

Ha, mumkin. Maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib mikrohududdan tashqaridan qo‘shimcha bolalar qabul qilinishi mumkin. O‘quvchi o‘rniga nisbatan taʼlim olayotgan o‘quvchilar soni ko‘p bo‘lgan maktablarda mikrohududdan tashqaridan qo‘shimcha bolalar qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mikrohududdan tashqaridan bolalar 1-sinfga har yili 1 – 15-avgust kunlari qabul qilinadi.

Ota-onalar yoki boshqa masʼullar yuqoridagi muddatda bo‘sh joy bo‘lgan maktablarni my.gov.uz yoki my.maktab.uz portallari orqali tanlab ariza yuboradi. Ariza 1 kunda ko‘rib chiqilib bola maktabga qabul qilish yoki rad etish haqida qaror qabul qilinadi.

Bola maktabga qabul qilinsa, ota-onalar yoki boshqa masʼullar bolaning sog‘lig‘i haqidagi maʼlumotnomani avvalgi maktabdan olib yangi maktabga topshiradi. Bolani maktabga qabul qilish rad qilinsa, o‘zi biriktirilgan hududdagi maktabga yo‘naltiriladi.

Onlayn hujjat topshirmaydigan hududlarda, boshqa mikrohududdagi maktabga hujjat topshirish ota-onalar yoki boshqa masʼullarning maktabga shaxsan borishlari orqali amalga oshiriladi.

uzbekistanst grade enrollmentonline applicationschool admission rulesage requirementslanguage proficiencyadmission refusalrequired documents