Mahalliy

Mahsulotlarning xavfsizligini taʼminlashda yangi tizim joriy qilinmoqda

Senatning 18-yalpi majlisida “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Mahsulot xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan yangi tizim joriy etilmoqda

Toshkent, O'zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 18-yalpi majlisida "Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to'g'risida"gi Qonun ko'rib chiqildi.

Bugungi kunda jahon iqtisodiyotidagi globallashuv jarayonlari, elektron tijoratning jadal rivojlanishi, transchegaraviy savdoning kengayishi va mahsulot turlarining ko'payishi mahsulot xavfsizligi sohasida mutlaqo yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.

Ushbu Qonun mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, mahsulotlar xavfsizligini ta'minlash hamda iste'molchilar huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan.

Qonun Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to'siqlar to'g'risidagi bitimi hamda xalqaro ilg'or amaliyot talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Bozorga chiqariladigan barcha mahsulotlar xavfsiz bo'lishi shart. Ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va iqtisodiy operatorlar mahsulotning xavfsizligi uchun bevosita mas'ul hisoblanadi.

Shuningdek, iqtisodiy operatorlarga mahsulot xavfini baholash, texnik hujjatlarni yuritish, mahsulotni identifikatsiya qilish, iste'molchilardan kelib tushgan murojaatlarni hisobga olish hamda xavfli mahsulotlarni bozordan qaytarib olish bo'yicha aniq majburiyatlar yuklatilmoqda.

Qonun bilan bozor nazoratining xavflarga asoslangan yangi mexanizmi joriy etilib, xavfli mahsulotlarni tezkor aniqlash va ularni muomaladan chiqarish bo'yicha milliy axborot almashuvi tizimi tashkil etiladi.

Senatorlarning fikricha, Qonun aholi hayoti va sog'lig'ini muhofaza qilish, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, mamlakatimiz texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, ichki bozorga kiritilayotgan mahsulotlar xavfsizligini kafolatlash, iste'molchilarni xavfli mahsulotlardan himoya qilish va ularning bozorga bo'lgan ishonchini mustahkamlash uchun huquqiy asos yaratiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma'qulladi.

uzbekistanlegislationeconomic operatorsinternational tradeconsumer protectionproduct safetytechnical standardsmarket regulation