Iqtisodiyot

Kolonka. Peshtaxtami yoki bozor — Toshkent xalqaro moliya markazidan nimalar kutilyapti?

Nega ayrim moliya markazlari yangi Dubayga aylanadi-yu, boshqalari chiroyli peshlavha ilingan obod dahaligicha qolib ketadi? Javob deyarli doim bir narsaga borib taqaladi — ishonch. Huquqshunos Diyor Islombekov — Toshkent xalqaro moliya markazini investorlar ishonchini qozongan bozorga aylantirish yo‘llari haqida.

**Kolonka: Peshtaxtami yoki bozor – Toshkent xalqaro moliya markazidan nimalar kutilmoqda?**

**Muallif:** Diyor Islombekov, Centil yuridik firmasining “Kapital bozorlari va korporativ moliya” amaliyoti rahbari

Prezident iyul oyida Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi, bu O‘zbekiston uchun so‘nggi o‘n yillikning eng yirik iqtisodiy loyihasiga aylandi. Biroq, qonunning imzolanishi faqat boshlang‘ich nuqta, chunki bunday loyihalarning muvaffaqiyati qonun qabul qilingan paytda emas, balki uning amalda qo‘llanish davrida hal bo‘ladi. Nima uchun ba’zi moliya markazlari yangi Dubayga aylanadi-yu, boshqalari shunchaki "xalqaro" maqomiga ega obod dahaligicha qolib ketadi? Javob deyarli har doim bitta so‘zga borib taqaladi: "ishonch". Toshkent loyihasi haqidagi suhbatni ham aynan shu tushuncha atrofida qurish maqsadga muvofiq.

Xalqaro moliya markazi, Chorsu bozoriga o‘xshab, bozor mantig‘i asosida qurilgan uyushgan kapital bozoridir. Bu bozorda pulning o‘zi tovar sifatida maydonga chiqadi. Oddiy bozordan farqi shundaki, u yerda xaridor mahsulotni qo‘l bilan ushlab ko‘rishi mumkin bo‘lsa, investor qarzni qaytarish, foydani bo‘lishish, nizoni odilona hal etish kabi va’dalarni ko‘rib, sotib oladi. Va’dalar savdosi faqat ularning bajarilishiga bo‘lgan ishonchga tayanadi. Shu bois har qanday moliya markazi to‘ldiradigan haqiqiy tanqislik pul yoki g‘oyalar emas, balki sinovdan o‘tgan ishonchdir.

Shundan kelib chiqib, asosiy savol tug‘iladi: Toshkentdagi markaz shunchaki peshtaxta, ya’ni chiroyli peshlavha ilingan, faqat so‘zdagi maqsadlarga ega go‘zal mavze emas, balki investorlar ishonadigan haqiqiy bozorga aylanishi uchun nima qilish kerak? Javoblarni uchta yo‘nalishda izlash lozim: ishonch qanday qozoniladi, markaz orqali nimalarni sotish mumkin va markazning ilg‘or tajribalari undan tashqarida ham tatbiq etiladimi?

**Ishonchni shakllantirish**

Ishonchni shakllantirish asosiy xavotirni bartaraf etishdan boshlanadi. Postsovet hududida bu xavotir soliqlar bilan bog‘liq emas – ularni hisoblab chiqish mumkin. Asosiy xavotir bu yerda ildiz otgan tadbirkorlik nizolarini jinoiy masalaga aylantirish odati bilan bog‘liq. Masalan, tijoriy masalalardagi kelishmovchiliklar ba’zan tintuvlar, hisobvaraqlarning muzlatilishi va oxir-oqibat hujjatlarga emas, soliq to‘lovchining erkiga daxldor savollar bilan yakunlanadi. Investorlar o‘nlab yillar davomida aynan shundan qo‘rqib kelgan.

Bunday xavf saqlanib turar ekan, har qanday va’daning bahosi past bo‘ladi, zero uning ijrosi shartnomaga emas, vaziyatga bog‘liq. Bu o‘rinda imtiyozlar ham ojizlik qiladi, chunki ular xarajatlarni kamaytiradi, lekin biznes taqdiri borasidagi xavotirni bartaraf etolmaydi.

Markazning bunday xavf-xatarga ilk javobi “TXMM to‘g‘risida”gi qonunning bir qarashda kamtarona ko‘rinadigan 14-moddasi bo‘ldi. Unga ko‘ra, agar valyuta, soliq yoki bojxona qoidalarining buzilishi mohiyatan tijoriy nizo hisoblansa, markaz organlari avvalo fuqarolik-huquqiy va ma’muriy mexanizmlarni ishga solishi shart. Ular jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun materiallarni taqdim etmaydi. Shu bois investorga berilgan va’da xalqaro biznes uchun tushunarli bo‘lgan shartnomaviy munosabatlar doirasida qoladi. Foydani erkin olib chiqish va ishtirokchilarni umumiy valyuta tartibidan ozod etish bilan birga (bu qoidalarni markaz Markaziy bank bilan birgalikda belgilaydi (17-modda)), ushbu me’yor mintaqaning asosiy xavotirini boshqariladigan riskka aylantiradi.

Biroq qonunda qayd etilgan va’daning o‘zi ham kafolatga muhtoj. Qonun bu vazifani Markazning o‘z sudiga yuklaydi. Toshkent xalqaro tijorat sudi har qanday davlatdan sudyalarni tayinlay oladi, uning qarorlari respublika bo‘ylab milliy sudlarning hujjatlari bilan bir qatorda ijro etiladi va har bir qaror 30 kun ichida e’lon qilinishi shart (29-modda). Ya’ni, bu yerda ishonch shunchaki e’lon qilinmaydi, balki amalda namoyish etiladi: har qanday investor o‘z nizosini ishonib topshirishdan avval, sud boshqa bir nizoni qanday hal etganini ko‘ra oladi. Oliy Majlis Senati qonunning birinchi tahririni takomillashtirish uchun qaytargani, buning natijasida sudning vakolatlari kuchaytirilgani loyihaning jiddiyligidan dalolat beradi. Ostona tajribasi esa bunday yurisdiksiyaga talab borligini ko‘rsatadi – uning sudi va arbitraji faoliyati davomida 4900 dan ortiq ishni ko‘rib chiqqan.

Ayni paytda, qonunning qabul qilinishining o‘ziyoq investorlar ishonchini kafolatlaydi, deb aytishga hali erta. Bir hududda ikki huquqiy tartibotning yonma-yon mavjud bo‘lishi boshlanishida huquqiy ziddiyatlarni (kolliziyalarni) muqarrar ravishda keltirib chiqaradi. Qonunda huquq manbalari iyerarxiyasini (8-modda), qarorlarning o‘zaro ijro etilishini hamda markaz kafolatlarini tashqi hujjatlardan himoya qilishni (6-modda) belgilagan holda bunday holatlar nazarda tutilgan. Lekin bularning barchasi, jumladan, ingliz huquqi amalda qanday ishlashi ancha muhimroq. Boshqacha aytganda, qonun institutsional asosni yaratdi, biroq uni mazmunan to‘ldirish markaz organlari zimmasiga yuklatiladi. Ular qisqa muddatlarda (yana olti oyga uzaytirish imkoniyati bilan 12 oy ichida) listing va litsenziyalash qoidalaridan tortib sudning protsessual reglamentlarigacha bo‘lgan butun bir hujjatlar to‘plamini qabul qilishlari kerak bo‘ladi. Qaysi ingliz hujjatlari, qanday tahrirlarda va qanaqa shartlar bilan qo‘llanilishini esa markaz kengashi alohida qaror bilan belgilaydi.

Ushbu norma ijodkorligi ishining sifati qonunning sifatidan kam ahamiyat kasb etmaydi. Shu bois unga real bozorlar tajribasiga ega mutaxassislarni jalb etish va birinchi kundanoq ochiq tartib-taomilni yo‘lga qo‘yish muhim. Bunda hujjatlar loyihalari bir tomonlama qabul qilinmasdan, yetakchi markazlarda azaldan yo‘lga qo‘yilganidek, biznes va professional hamjamiyat bilan ommaviy maslahatlashuvlardan o‘tkaziladi. Toshkent uchun bu amaliyotga rioya qilish ishonchni mustahkamlashning eng arzon usuli bo‘ladi. Nazariy jihatdan go‘yoki yaxshi yozilgan qonunga qonunosti hujjatlarini shoshilinch va pinhona ishlab chiqish bilan esa bu ishonchni juda tez yo‘qotish mumkin.

Aynan shuning uchun ham dastlabki davr markaz uchun bir chigalyozdi mashg‘uloti emas, balki sarmoyadorlar tom ma’noda jonli efirda kuzatib turadigan asosiy imtihon bo‘ladi. Dastlabki yirik nizo, ayniqsa, uning ikkinchi tarafida davlat tuzilmasi (yoki markazning ma’muriy organi) tursa, yangi yurisdiksiya uchun o‘ziga xos sinovga (krash-testga) aylanadi. Investorlar uning yechimini har qanday taqdimotdan ko‘ra sinchiklab o‘rganadi va shunga qarab hozir kirish yoki kutib turish haqida qaror qabul qiladi. Davlatning o‘zi halol yutqazgan bitta nizo o‘nta investitsiya forumidan ko‘ra ko‘proq sarmoya jalb qiladi, bozor “kelishib olishdi” deb baho bergan bitta qaror esa imtiyozlarni ham, ingliz huquqini ham bir zumda yo‘qqa chiqaradi. Ishonchni esa faqat halol va muvaffaqiyatli bitimlar bilangina qozonish mumkin.

**Markaz orqali nimalarni sotish mumkin?**

Bitim uchun ikki tomon kerak. Bo‘lajak bozorda talab bilan bog‘liq muammolar kutilmayapti: iqtisodiyot yiliga qariyb 8 foizga o‘sayotganiga qaramay, surunkali moliyalashtirish yetishmasligi muammosi mavjud. Hamon davlat ustunlik qilayotgan bank tizimi bunday o‘sish ehtiyojlarini qoplashga qodir emas – demak, uzoq muddatli xususiy sarmoyaga ehtiyoj faqat ortib boradi. Ishonchni amalda sinash uchun yangi bozor rastalariga kim va nimani olib chiqishi, ya’ni sotuvchi kim bo‘lishi masalasi ochiqligicha qolmoqda.

Ajablanarli jihati shundaki, bu savolning javobini to‘qsoninchi yillardagi ehtiyotkorlik tayyorlab qo‘ygan. O‘zbekiston Rossiya va Qozog‘iston singari “shok terapiyasi” usulidagi xususiylashtirishdan o‘tmadi va eng yirik aktivlar davlat qo‘lida qoldi. Davlat esa tadbirkor sifatida deyarli har doim eng yomon o‘yinchi bo‘lib chiqqan. U bir vaqtning o‘zida ham maydonga tushadi, ham o‘yinni boshqaradi, halol raqobatni esa resurslardan foydalanish imkoniyati va me’yoriy imtiyozlar bilan almashtirib qo‘yadi. Shu bois bu aktivlarni xususiy mulkdorlarga o‘tkazib, davlatga uning o‘rnini hech narsa bosa olmaydigan yagona rolni, ya’ni hakamlik rolini qoldirish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Biroq jarayonni siyosiy iroda yo‘qligi emas, balki davlat apparatining o‘tkazuvchanlik qobiliyati sekinlashtirmoqda. Har bir yirik bitim maslahatchilarni jalb qilish, audit o‘tkazish va oylab huquqiy tayyorgarlik ko‘rishni talab etadi. Davlat esa o‘nlab bunday jarayonlarni bir vaqtning o‘zida olib borishga jismonan qodir emas. Shu sababli xususiylashtirish o‘z salohiyatidan sekinroq kechmoqda. Bunday sharoitda Markaz yetishmayotgan infratuzilma vazifasini bajaradi, zero, investorlarga tanish huquqiy tizim, sud va standart qoidalarga ega tayyor yurisdiksiya har bir bitimning qiymati va muddatini qisqartiradi. Bu esa davlatga bitimlarni navbatma-navbat emas, balki bir vaqtning o‘zida yuritish imkonini beradi hamda ularni har safar chet elda ro‘yxatdan o‘tkazishga hojat qolmaydi.

UzNIF (O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi) may oyida o‘tkazgan IPO, ya’ni suveren investitsiya fondi aksiyalarining ilk xalqaro ommaviy joylashtirilishi to‘plangan zaxira qay darajada katta ekanini ko‘rsatdi. Davlat fondning 30 foizdan ortig‘ini London va Toshkent birjalarida taklifdan to‘rt baravar yuqori bo‘lgan talab ostida 600 mln dollardan ko‘proqqa sotdi. Eng yirik xaridorlar qatoridan BlackRock, Franklin Resources va Redwheel o‘rin oldi. London birjasi uchun bu bitim so‘nggi besh yildagi eng yirik joylashtiruv bo‘ldi, Toshkentdagi qimmatli qog‘ozlarning bir qismini esa mahalliy xususiy va institutsional investorlar xarid qildi.

Bitimning tuzilishi o‘ziyoq ko‘p narsani anglatadi: mahsulot o‘zbekniki edi, xaridorlar esa butun dunyodan topildi, biroq ishonchni Londonning huquqi, sudlari va maydonning mavqeyi bilan birga u yerdan “ijaraga olish”ga to‘g‘ri keldi. Toshkentdagi markaz aynan shu “ijara”ning o‘rnini egallashi ko‘zda tutilgan. Bunday yoki bundan ham kichikroq ko‘lamdagi keyingi joylashtirishlar o‘zimizda o‘tkaziladi, mamlakat o‘zganing ishonchi uchun haq to‘lash o‘rniga, ishonchni o‘zi yarata boshlaydi.

Qo‘shnilar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, hatto kuchli yurisdiksiya mavjud bo‘lgan taqdirda ham, bozorda mahsulot bo‘lmasa, uning harakati sustlashadi. Ostona talab yuqori bo‘lgan sud va 5400 dan ortiq ishtirokchiga ega faoliyat yurituvchi yurisdiksiyani yo‘lga qo‘ydi. Biroq uning birjasidagi savdo hajmi uch yil ichida taxminan 4 mlrd dollarni tashkil etdi. Fond bozori uchun bu ancha kichik ko‘rsatkich: yirik jahon birjalarida bunday hajm bir savdo kunidayoq qayd etiladi. Oddiyroq aytganda, Ostonada qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilishdan ko‘ra ularni saqlash afzal ko‘riladi, chunki markaz orqali yetarli darajadagi aktivlar oqimi o‘tmagan va yurisdiksiya qozongan ishonch hali jonli bozorga aylanmagan. Vaziyat aksincha ko‘rinishga ega, negaki Ostonada yetarlicha mahsulotsiz yurisdiksiya bor, Toshkentda esa UzNIFʼdan so‘ng o‘z yurisdiksiyasiga ega bo‘lmagan mahsulot bor, asosiy maqsad esa ularni birlashtirishdan iborat. Matnga qaraganda, qonun loyihasi mualliflari bu mantiqni tushunishadi: imtiyozlar faqat iqtisodiy ishtiroki tasdiqlangan qatnashchilarga beriladi, eng yirik xalqaro guruhlar uchun esa Pillar Two qoidalariga ko‘ra minimal soliq ko‘zda tutilgan (18−19-moddalar).

*(Pillar Two – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) global soliq islohoti: yillik daromadi 750 mln yevrodan oshadigan xalqaro kompaniyalar guruhlari qaysi mamlakatda faoliyat yuritishidan qat’i nazar, foyda solig‘ini minimal stavkadan past bo‘lmagan miqdorda to‘laydi; korporativ gigantlar uchun “soliqsiz” hududlar davri yopilgan.)*

Shoshilmagan va miqyosni oqilona tanlaganlargina ikkala qismni birlashtira olgan. O‘zbekistonda havas qilinadigan Dubay mintaqadagi 77 mamlakat oqimlariga tayanib, faoliyatining 20 yiliga kelibgina GFCI reytingining global yetakchisiga aylangan. Shu bois Toshkent o‘zini “jahon moliyasining tinch bandargohi” sifatida emas, balki hozirda Dubay va Londonda xizmat ko‘rsatilayotgan o‘z mintaqasi kapitali uchun betaraf va bashoratli maydon sifatida ko‘rishi oqilona bo‘ladi.

Markaziy Osiyo sarmoyasi ancha vaqtdan beri o‘z vaqt mintaqasida tinch yurisdiksiyani izlayapti. Bunday davrlarda betaraflikning o‘zi afzallikka aylanadi, o‘z oqimlarining vataniga qaytishi esa ishonch ko‘lamini kengaytirish uchun birinchi qadam bo‘lib ko‘rinadi.

*(GFCI, Global Financial Centres Index – jahon moliya markazlari reytingi bo‘lib, uni Londondagi Z/Yen tahliliy markazi 2007-yildan beri moliyachilar o‘rtasidagi so‘rovnomalar va ishbilarmonlik muhiti statistikasi asosida yiliga ikki marta e’lon qilib keladi; sohada u asosiy reyting jadvali hisoblanadi.)*

**Markazning ilg‘or tajribalari undan tashqarida ham tatbiq etiladimi?**

Uchinchi savol ochiq qolmoqda: vujudga keladigan ishonch butun mamlakatga nasib etadimi yoki faqat markaz doirasida cheklanib qoladimi? Anklavga aylanib qolish xavfi shundaki, barcha jonli tadbirkorlik faoliyati uning ichida to‘planib qoladi. Mantiqan olganda, milliy huquq rivojlanishdan to‘xtashi mumkin. Natijada mamlakat avvalgi muhit o‘rtasida namunali adolat oroliga ega bo‘ladi, uning tashqarisidagi biznes esa eski xavotirlar mantig‘i bilan yashashda davom etadi. Qozog‘iston bu tuzoqni faqat sakkizinchi yilda, prezident Qosim-Jomart To‘qayev markazning ilg‘or tajribalarini butun moliya bozoriga yoyishni topshirganidagina anglab yetdi.

Toshkent esa ilk kundanoq muvaffaqiyatli normalar, tajriba va mutaxassislarni umumiy tizimga ko‘chirish mexanizmini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Shu orqali maxsus yurisdiksiya tanlanganlar uchun qo‘riqxonadan butun mamlakat uchun “gullagan bog‘ga” aylanishi mumkin.

Ishonchni faqat odamlar ko‘chira oladi va buning o‘ziga yarasha xavfi bor. Boshlanishida “aqllar importi”ni zaiflik deb bilmaslik kerak, bu – shunchaki ishni boshlash sharti, zero obro‘ dunyo ishonadigan nomlar evaziga qozoniladi. Dubay ham, Ostona ham shundan boshlagan. Agar o‘n yildan keyin ham bu nisbat o‘zgarmasa, import muammoga aylanadi. Shu bois, mamlakatga parallel ravishda o‘z mutaxassislarini tayyorlashning tizimli mexanizmi kerak bo‘ladi: umumiy huquq va yuridik ingliz tili dasturlaridan tortib, markaz organlarida amaliyot o‘tash va universitetlar bilan hamkorlik qilishgacha.

Dastlabki uchta savolga qaytsak, yaxlit bir manzara namoyon bo‘ladi. “Ishonch qanday qozoniladi?” degan savolga qonun jiddiy yondashgan, zero 14-modda, ochiq amaliyotga ega mustaqil sud hamda valyuta va soliq erkinligi investorga berilgan va’dalar qadr topadigan muhitni yaratadi. Bu ishonch nima bilan mustahkamlanishi nafaqat qonunga, balki maydondagi real aylanmaga ham bog‘liq.

Bu yerda boshlang‘ich taklif davlatdan chiqadi. Uning ortidan xususiy emitentlar, korporativ qarzlar, hududiy mablag‘lar va aslida markaz aynan shular uchun bitta dastur doirasidan kengroq qilib o‘ylangan raqamli aktivlar kelishi kerak. Markazning muvaffaqiyati esa qonun matnida emas, balki uning o‘z normativ hujjatlarida va ularni qo‘llashning ilk yillarida hal bo‘ladi. O‘shanda yangi qoidalar tanlab emas, balki bir xilda va adolatli ishlayotgani ayon bo‘ladi.

“Natijadan butun mamlakat bahramand bo‘ladimi?” degan boshqa savolning javobi esa markaz tajribasi uning doirasidan tashqariga qay darajada yoyilishiga bog‘liq bo‘ladi. Vazifaning ko‘lamini birgina qiyosning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Belgilangan maqsad 2030-yilgacha har yili qo‘shimcha 20−25 mlrd dollar jalb qilishni va YaIM o‘sishiga bir foizgacha qo‘shimcha hissa qo‘shishni nazarda tutadi. Holbuki, Ostona shunga yaqin summani sakkiz yilda to‘plagan edi. Shunday yo‘lni ikki baravar tezroq bosib o‘tish niyati muvaffaqiyat ro‘yxatga olingan kompaniyalar soni bilan emas, balki jalb etilgan kapital va aylanmalar bilan o‘lchanadigan xolis koordinatalar tizimining qadrini oshiradi. Buni esa yangiliklar turkumi bilan emas, faqat o‘n yillik mezon bilan xolis baholash mumkin.

Peshtaxtani chindan ham bir yilda qurish mumkin, biroq bozor sekinroq vujudga keladi. Chunki uning asosi farmon bilan joriy qilinmaydigan va abadiy ijaraga olinmaydigan, balki pretsedentlar va bitimlar orqali orttirib boriladigan ishonchdir. Bunday sinovlarning dastlabkilari allaqachon yaqinlashib qoldi va Toshkentda peshtaxta qurilyaptimi yoki bozor, buni tantanali ochilish marosimi emas, aynan o‘sha sinovlar natijasi ko‘rsatadi.

*Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.*

huquqiy tizimiqtisodiy rivojlanishtoshkent xalqaro moliya markaziishonchxususiylashtirishmoliyaviy markazlarkapital bozoriinvestitsiya