Ko‘krak suti bilan oziqlantirish: u bola va onaga nima beradi va bu jarayonni qanday qo‘llab-quvvatlash mumkin?
1−7-avgust kunlari o‘tkazilayotgan Ko‘krak suti bilan oziqlantirish haftaligi ushbu tabiiy jarayonni davlat, jamiyat va oila tomonidan qo‘llab-quvvatlash muhimligini eslatadi. Gazeta emizish nima uchun nafaqat butun jamiyat uchun ham foydali ekanini tushuntiradi hamda foydali infografikani taqdim etadi.

**Ko‘krak suti bilan oziqlantirish: uning ona va bola uchun ahamiyati hamda bu jarayonni qanday qo‘llab-quvvatlash mumkin?**
Aholi salomatligini mustahkamlash, iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish va kelajak avlodlar farovonligini ta’minlashda ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan investitsiyalar davlat uchun eng samarali vositalardan biridir. Bu g‘oya 1-7-avgust kunlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va YUNISEF tomonidan butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilayotgan Ko‘krak suti bilan oziqlantirish haftaligining asosini tashkil etadi.
Joriy yilgi haftalik sog‘liqni saqlash tizimlarining e’tiborini ayollar va ularning chaqaloqlarini emizishning butun davri mobaynida qo‘llab-quvvatlash zarurligiga, shuningdek, oila va jamiyat tomonidan tushunish va yordam ko‘rsatishning muhimligiga qaratilgan. Gazeta JSST va YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonalari ko‘magida ko‘krak suti bilan oziqlantirish nega nafaqat bola va ona, balki butun jamiyat uchun ham foydali ekani, shuningdek, go‘daklarni tabiiy oziqlantirish usulini ustuvor yo‘nalishga aylantirish uchun davlat, sog‘liqni saqlash tizimi va ish beruvchilar qanday choralar ko‘rishi mumkinligi haqida ma’lumot beradi.
**Bolalar uchun foydalari:**
* Ko‘krak suti bilan boqilgan bolalar ortiqcha vazn va semirishdan kamroq aziyat chekadi.
* Ularda 2-tur qandli diabet va boshqa surunkali kasalliklar rivojlanish xavfi past bo‘ladi.
* Ona suti bolani himoya qiladi va ayniqsa hayotining dastlabki oylarida uning yashab qolish ehtimolini oshiradi.
* Ona suti bola organizmini nafaqat eng muhim ozuqa moddalari, balki diareya, pnevmoniya va turli infeksiyalar kabi keng tarqalgan kasalliklardan himoya qiluvchi kuchli antitanalar bilan ham ta’minlaydi.
**Onalar uchun foydalari:**
* Emizish ona uchun ham foydali bo‘lib, tug‘ruqdan keyingi qon ketishi, ko‘krak va tuxumdon saratoni, yurak-qon tomir kasalliklari hamda 2-tur qandli diabet xavfini kamaytiradi.
**JSST va YUNISEF tavsiyalari:**
Ko‘krak suti bilan boqishning muvaffaqiyati faqat ayolning sa’y-harakatlariga bog‘liq bo‘lmasligi kerak. Bu jarayonda oila, tibbiyot xodimlari, ish beruvchilar, mahalliy hamjamiyatlar va davlat ham muhim o‘rin tutadi.
1. **Homiladorlik va tug‘uruq ta’tilini ta’minlash:** Kamida milliy qonunchilikda nazarda tutilgan hajmda ta’minlash.
2. **Ish joyida sharoit yaratish:** Ayol bolasini emizishi yoki ko‘krak sutini sog‘ishi uchun haq to‘lanadigan tanaffuslar va mos xonani tashkil etish.
3. **Onaga bolasi bilan birga bo‘lish imkonini yaratish:** Buning uchun moslashuvchan ish jadvali, to‘liqsiz ish kuni, masofaviy ishlash yoki ish joyiga yaqin bolalarni parvarish qilish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish mumkin.
4. **Ayollarning huquqlarini himoya qilish:** Homiladorlik, onalik yoki ko‘krak suti bilan oziqlantirish sababli ularni ishga qabul qilish, mehnatiga haq to‘lash va xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarishda kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik.
5. **Tug‘uruqxonalarda ko‘krak suti bilan emizishni boshlash va davom ettirish uchun sharoit yaratish:** JSST va YUNISEF “Bolaga do‘stona munosabatdagi shifoxona” tashabbusi standartlarini joriy etishni tavsiya qiladi. Ular tibbiyot muassasalariga onalarni zarur ma’lumot va amaliy yordam bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.
6. **Tibbiyot xodimlarini o‘qitish:** Shifokorlar, hamshiralar va akusherlarni emizish masalalari bo‘yicha maslahat berishga o‘qitish. Tibbiyot xodimi nafaqat ona sutining foydasi haqida tushuntirishi, balki ayolga yuzaga keladigan qiyinchiliklarni yengib o‘tishda ham yordam bera olishi kerak.
7. **Onalarni qo‘llab-quvvatlashni moliyalashtirish:** Har bir ayol ham tibbiyot muassasasida, ham uyiga qaytgach, ko‘krak suti bilan oziqlantirish bo‘yicha malakali yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun alohida moliyalashtirish, tayyorlangan mutaxassislar va ishonchli ijtimoiy himoya, jumladan, bola tug‘ilganidan keyin haq to‘lanadigan ta’til zarur.
8. **Xalqaro qoidalar to‘plamini joriy etish:** Aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida ko‘krak suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni sotish bo‘yicha Xalqaro qoidalar to‘plami talablarini amaliyotga joriy etish va ularning bajarilishini nazorat qilish lozim.
9. **Ko‘krak suti bilan oziqlantirishni milliy strategiyalarga kiritish:** Sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy strategiyalar doirasida ko‘krak suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini moliyalashtirish, ularning ijrosini qonunchilik va nazorat mexanizmlari, shuningdek, bunday dasturlar natijalarini monitoring qilish orqali ta’minlash.
10. **Bolaning ehtiyojlarini tijorat manfaatlaridan ustun qo‘yish:** Ko‘krak suti bilan oziqlantirishni himoya qiladigan va bolalar oziq-ovqati ishlab chiqaruvchilarining ota-onalar tanloviga ta’sir o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaydigan qoidalarni qabul qilish va ularning bajarilishini ta’minlash.
Oqilona investitsiyalar mamlakatlarga faqat ko‘krak suti bilan oziqlantiriladigan bolalar ulushini sezilarli darajada oshirishga yordam bermoqda. Buni so‘nggi o‘n yillikda jahon hamjamiyati erishgan natijalar ham tasdiqlaydi. 2023-yilga nisbatan hayotining dastlabki olti oyida faqat ona suti bilan oziqlantirilayotgan chaqaloqlar ulushi taxminan 10 foizga, ayrim mamlakatlarda esa 20 foizga oshgan.
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hafta davomida har kuni onalar uchun foydali infografikalarni e’lon qilib boradi.

