Kannavaro: O‘zbekiston terma jamoasining o‘yini yaxshilandi
Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasi o‘yini yaxshilanganini aytdi, Kongo DRga qarshi uchrashuv, maoshi va futbolchilar muloqoti haqida fikr bildirdi.

Kannavaro: O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —
O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning fikricha, u jamoaga kelganidan beri o‘yin sifati sezilarli darajada yaxshilangan. Italiyalik mutaxassis bu haqda matbuot anjumanida maʼlum qildi.
Kannavaro jurnalistlarning "Men kelganimdan beri milliy terma jamoaning o‘yini yaxshilandimi?" degan savoliga qatʼiy "Ha" deb javob berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik murabbiy kelishi bilan bir zumda ajoyib natijalar kutish noto‘g‘ri.
"Terma jamoaga xorijlik murabbiy kelganida, ertasi kuniyoq u "Barselona" kabi o‘ynashini kutish xato. Muammo aynan shu kutilmalarda", — dedi u.
Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini tahlil qilar ekan, Kannavaro birinchi bo‘limda jamoa yuqori saviyada o‘ynaganini, ammo tanaffusdan keyin o‘yin uslubi o‘zgarganini taʼkidladi.
"Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida O‘zbekiston yaxshi o‘yin namoyish etdi. Ikkinchi bo‘limda esa biz boshqacha o‘ynay boshladik. Bu qo‘rquvdanmi yoki boshqa sababdanmi, bilmayman", — deya izoh berdi bosh murabbiy.
Kannavaro yana bir bor uning yillik maoshi 4 million yevro ekani haqidagi xabarlarni rad etdi.
"Mening yillik maoshim 4 million yevro emas. Ha, bu maʼlumot tez-tez tarqatiladi, ammo bu yolg‘on", — deya taʼkidladi u.
Shuningdek, mutaxassis o‘yinlar davomida futbolchilar o‘rtasida muloqot yetishmasligiga ham eʼtibor qaratdi.
"O‘zbekistonlik futbolchilarning muammolaridan biri — ular deyarli bir-biri bilan muloqot qilmaydi. Ilk bor o‘yin vaqtida futbolchilar o‘rtasida umuman muloqot bo‘lmayotganini ko‘rib hayratda qoldim. Biz shu jihatni ham yaxshilashga harakat qildik", — dedi Kannavaro.

