Kabo-Verde terma jamoasi darvozaboni Vozinya Chili klubi bilan shartnoma imzoladi

Kabo-Verde terma jamoasi posboni Vozinya Chili klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda Chili klubining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilindi.
"Vozinya endi Kolo-Kolo o'yinchisi", deyiladi jamoa bayonotida.
Vozinya 2026-yilgi Jahon chempionatida to'rtta o'yinda maydonga tushib, ikkita uchrashuvda o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. U "Kolo-Kolo"ga o'tishidan oldin Portugaliyaning ikkinchi divizion jamoasi "Chaves" sharafini himoya qilgan.
Shartnoma muddati oshkor qilinmadi, ammo Transfermarket ma'lumotlariga ko'ra, u 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi. Darvozabon yangi klubida yiliga 900 ming pyeso (taxminan 52 ming AQSH dollari) maosh oladi. Bu avvalgi klubiga qaraganda 11 barobar ko‘p.
Shartnomani imzolash paytida Vozinya ko'z yoshlarini tiyib turolmadi: faoliyatining katta qismini kichik jamoalarda o‘tkazgan futbolchi uchun bu shartnoma yillar davomidagi mehnat va matonatning mukofoti bo'ldi.
O'tgan mavsumda 40 yoshli darvozabon barcha musobaqalarda 19 ta o'yinda maydonga tushib, oltita "quruq" o'yin o‘tkazgan. Transfermarket portalida taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, futbolchining bozor qiymati 500 ming yevroni tashkil qiladi.
Eslatib o'tamiz, Vozinya Jahon chempionati paytida muxlislar yoqimtoyiga aylanib qoldi. Ayniqsa, Ispaniyaga qarshi o‘yindan so‘ng darvozabonning Instagramdagi obunachilari soni keskin oshib ketdi. Mundialdan oldin obunachilari soni 30 000 atrofida edi, hozir esa 29 millionga yetdi.

