Sport

JCH qahramoni Vozinya Chilidagi yangi jamoasida g‘ayrioddiy muammo duch keldi

Jahon chempionati qahramoni Vozinya Chilidagi yangi jamoasida g‘ayrioddiy muammoga duch keldi.

Chilining "Kolo-Kolo" futbol klubi yaqin kunlarda o‘zining yangi a’zosi, Kabo-Verde terma jamoasi safida Jahon chempionatida porlagan 40 yoshli darvozabon Vozinyani rasman tanishtiradi. Biroq, mamlakat chempionati qoidalari futbolchining o‘z libosiga yillar davomida ishlatib kelgan laqabini yozdirishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Belgilangan qoidaga ko‘ra, "futbolchilarni shaxsiy identifikatsiya qilish uchun libosning orqa yuqori qismida ota yoki onasining familiyasi tushirilishi shart. Laqablar va taxalluslardan foydalanishga qat’iyan yo‘l qo‘yilmaydi". Agar klubda bir xil familiyali o‘yinchilar bo‘lsa, ularni farqlash uchun ismining bosh harfi yoki ikkinchi familiyasi yoziladi. Ammo qoidalar qat’iy bo‘lishiga qaramay, Chili Professional futbol milliy assotsiatsiyasi (ANFP) tomonidan avval ham ba’zi istisnolar qilingan.

"Kolo-Kolo" rahbariyati asl ismi Jozimar Dias bo‘lgan darvozabonga, xuddi Jahon chempionatida bo‘lgani kabi, "Vozinya" yozuvidan foydalanishga ruxsat berilishidan umidvor. Klub prezidenti Anibal Mosa vaziyatga shunday izoh berdi: "Bizda shunday muammo bor. Federatsiya bilan gaplashdim, ular vaziyatni to‘g‘ri tushunishdi. 31-iyul, juma kuni klublar prezidentlari kengashi bo‘lib o‘tadi. Men boshqa jamoalar rahbarlari bilan ham bu borada suhbatlashdim. Ular o‘yinchining jahondagi eng yirik musobaqada aynan shu laqab ostida o‘ynaganini inobatga olib, unga istisno tariqasida "Vozinya" nomi ostida harakat qilishiga ruxsat berish tarafdori ekanliklarini bildirishdi".

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, darvozabon yaqin kunlarda Santyagoga yetib keladi va dastlab 6 oylik shartnomaga imzo chekadi. Kelishuvda hamkorlikni yana 12 oyga uzaytirish bandi ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, "Vozinya" portugal tilida "kichkina buvijon" degan ma’noni anglatadi. Bu laqab darvozabonga bolaligida berilgan. U ko‘chadagi futbol o‘yinlarida yutqazib qo‘ysa, doim yig‘lagancha o‘zi birga yashaydigan buvisining oldiga yugurib ketar edi. Shundan so‘ng mahalladagi kattaroq bolalar unga shu laqabni berishgan.

Eslatib o‘tamiz, Vozinya so‘nggi bor Portugaliya ikkinchi divizioni ishtirokchisi "Shavesh" safida to‘p surgan. Shuningdek, u faoliyati davomida Angola, Kipr, Moldova va Slovakiya klublarida ham harakat qilgan.

transferfootballvozinhacolo-cologoalkeeperplayer nicknamechilean football rulesjosimar dias