Jo Baydenning saratoni tanasiga tarqab ketdi

Jo Baydenning saratoni tanasiga yoyilib ketdi
"The Guardian" nashri Hanter Baydenning intervyusiga tayanib xabar berishicha, AQSHning sobiq prezidenti Jo Baydenning prostata bezi saratoni uning tanasining boshqa qismlariga va suyaklariga tarqalgan.
Hanter otasining sog‘lig‘i haqida gapirarkan, o‘z his-tuyg‘ularini yashira olmadi. Uning ta’kidlashicha, kasallik rivojlanib ketgan va otasi kuchli og‘riqlardan aziyat chekmoqda.
"Saraton yoyilib ketdi, uning suyaklariga va boshqa joylariga metastaz berdi. Bu juda og‘riqli va ko‘p jihatdan insonni holdan toydiradi. Otamning bu ahvolini ko‘rish juda alamli. Salomatligi haqida faqat bir narsani ayta olaman: hozirgi ahvoli yaxshi emas", dedi Hanter.
Shunga qaramay, 83 yoshli sobiq prezident o‘zi uchun muhim bo‘lgan jamiyat masalalarida faol ishtirok etishda davom etmoqda. O‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, u hali ham o‘z ishini davom ettirmoqda va mamlakatga qattiq ishonadi.
Jo Bayden AQSH tarixidagi eng keksa prezident bo‘lgan edi. Uning yoshi to‘rt yillik boshqaruvi davomida ko‘plab xavotirlarga sabab bo‘lgan. Donald Tramp ishtirokida kechgan muvaffaqiyatsiz saylovdan so‘ng Bayden prezidentlikdan ketishga majbur bo‘ldi. O‘shanda Oq uy maslahatchilari prezidentning salomatligidagi muammolarni yashirganlikda ayblanib, keskin tanqidga uchragan.
Sobiq prezident Oq uyni tark etganidan to‘rt oy o‘tmay, 2025-yilning may oyida o‘ziga saraton tashxisi qo‘yilganini oshkor qilgan. Keyinchalik, uning saratonga qarshi nur terapiyasi bilan davolanishni boshlagani haqida ma’lum qilingandi. Ayni paytda, Jo Bayden mamlakatda oraliq saylovlardan so‘ng "Menga va’da ber, Amerika" (Promise Me, America) nomli xotira kitobini nashr etishni rejalashtirmoqda.

