Baydenning biograf bilan shov-shuvli audiosuhbati oshkor etildi

AQSHning sobiq prezidenti Jo Baydenning biograf Mark Lyuis Zvonitser bilan bo‘lgan audiosuhbati ommaga oshkor etildi. Ushbu yozuvlarda siyosatchi maxfiy hujjatlarni o‘zida saqlaganini tan olgan. Bu haqda CNN xabar berdi.
Audiosuhbatlar Oversight Project tashkiloti tomonidan e’lon qilindi. Tashkilot suhbatni e’lon qilish huquqini sud orqali himoya qildi. Ushbu audioyozuvlar sobiq maxsus prokuror Robert Hyurning 2024-yilgi hisobotida keltirilgan xulosalarni tasdiqlaydi.
Hyurning hisobotida Bayden maxfiy materiallarni oshkor qilgani, unutuvchanligi va Barak Obama ma’muriyatida vitse-prezidentlik lavozimidan ketganidan keyin ham maxfiy materiallarni saqlashda davom etgani ta’kidlangan edi. Audioyozuvlarda Baydenning maxfiy hujjatlarni saqlaganini aytganini eshitish mumkin.
"Ular hatto menda bu (maxfiy hujjat — tahr.) borligini bilmagan ham", deydi sobiq prezident suhbatda.
Audioyozuvlarning bir nechta joyida Bayden sanalarni yoki voqealarning ba’zi tafsilotlarini eslashda qiyinchiliklarga duch keladi. Hyur o‘z hisobotida Baydenni "xotirasi yomon" keksa odam sifatida tasvirlagan.
Oversight Project tashkiloti Adliya vazirligi audioni e’lon qilishi kerakligini ta’kidlab, bu bo‘yicha sudda g‘alaba qozongan. Bayden bunga qarshi kurashgan, ammo iyul oyida o‘zining qonuniy da’volarini qaytarib olgan. AQSH sobiq prezidentining vakili e’lon qilingan yozuvlarga izoh berishdan bosh tortdi.
Biroq, uning matbuot kotibi Ti Jey Daklo Baydenning marhum o‘g‘li muhokama qilingan o‘n yil oldingi kitob uchun yozilgan audiosuhbat shaxsiy ekani va ular shunday qolishi sharti bilan Adliya vazirligiga taqdim etilganini eslatdi.
"Pozitsiyani o‘zgartirish va ushbu yozuvlarni e’lon qilish ma’muriyat (AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati — tahr.) Adliya vazirligidan siyosiy qasos uchun qurol sifatida foydalanayotganining misolidir", dedi Daklo.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda o‘sha paytda AQSH prezidenti bo‘lgan Jo Baydenning Delaver shtatidagi uyida maxfiy hujjatlar topilgandi. Ular garajdagi omborxonada aniqlangan va aslida arxivda saqlanishi kerak bo‘lgan. O‘sha yili Baydenga aloqador Vashingtondagi diplomatiya va global hamkorlik markazining qulflangan kabinetida o‘nga yaqin maxfiy hujjatlar topilgandi. Ular orasida Amerika razvedkasi hamda Ukraina, Eron va Buyuk Britaniyaga oid brifinglar materiallari bo‘lgan.

